21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
O‘zbek tili xalqimiz ma’naviyatining yuragi, milliy o‘zligimiz va tarixiy merosimizning ajralmas qismi sanaladi. Har bir yurt farzandi ona tili orqali voyaga yetadi, tafakkur qiladi va shaxsiyatini yuksaltiradi. Shu bois, har bir inson, jumladan, sportchilar uchun ham ona tilimizning o‘rni beqiyos.
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda shu haqda so‘z yuritildi.
Bir guruh ijodkorlar, tilshunos olimlar, murabbiylar va sportchi yoshlar ishtirok etgan tadbirda o‘zbek tilining boyligi, uning jozibadorligi va rivojlanish bosqichlari haqida sportchi yoshlarga so‘zlab berildi.
Ta’kidlanganidek, ona tilimiz sportchilar hayotida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, yosh tennischilar o‘z ona tilida erkin muloqot qilish, xalqaro musobaqalarda yurtimizni munosib tarzda namoyon etish, milliy madaniyat va tilni xalqaro miqyosda tanitish imkoniga ega. Tilning ta’siri orqali sportchilar faqat jismonan emas, balki ma’nan yetuk va barkamol shaxs sifatida voyaga yetadi.
– Bunday tadbirlar yosh avlod qalbida ona tiliga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlaydi, uning qadrini anglashga yordam beradi, – dedi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi direktori Samuk Abidov. – Sportchilarning tilni bilishi va uni ardoqlashi nafaqat shaxsiy rivoj, balki milliy ruhni yuksaltirishda muhim omil hisoblanadi. O‘zbek tili biz uchun faqat muloqot vositasi emas, balki yurtga muhabbat va xalqqa sadoqat ramzidir.
Tadbirda yosh tennischilar tomonidan O‘zbek tilini madh etuvchi she’r va qo‘shiqlar ijro etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/c1MYp-wTuSM" title="21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA