Xotin-qizlar tennis uyushmasi WTA tomonidan AQSH hamda Turkiyada o‘tkazilayotgan nufuzli turnirlarda ikki mahoratli tennischimiz Kamilla Rahimova va Polina Kudermetova bugun kortga chiqadi.
Dastlab Polina Kudermetova Turkiyaning Antaliya shahrida davom etayotgan mukofot jamg‘armasi 115 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi “WTA Challenger Antalya” turnirining asosiy to‘r bahslari birinchi davrasida ukrainalik Oleksandra Olinikova bilan kuch sinashadi. Bahs mamlakatimiz vaqti bilan soat 14:20 dan so‘ng start oladi.
Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova esa Amerika Qo‘shma Shtatlarida qizg‘in pallaga kirgan “ATX Open – 2026” xalqaro turnirining chorak final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan uchrashuvda neytral tennischi Oksana Selexmetevaga qarshi bahslashadi.

Eslatib o‘tamiz, Texas shtatining Ostin shahrida sovrin jamg‘armasi 283 ming 347 AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur turnirda Kamilla Rahimova ilk bosqichda vengriyalik Anna Bondarni 6:3, 7:5 hisobida taslim etgan edi.
Darvoqe, yana bir tennischimiz Mariya Timofeyeva Meksikaning Yukatan shtati Merida shahrida WTA 500 toifasiga kiruvchi turnirda ilk davrada polshalik Magdalena Frenxga qarshi kortga chiqdi va 4:6, 6:7 hisobida taslim bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA