2026 yil yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligida boshlanadigan “Australian Open-2026”ning ayollar va erkaklar o‘rtasidagi yakkalik va juftlik bahslarida ishtirok etadigan tennischilar ro‘yxati e’lon qilindi.
Dunyoning eng kuchli raketka ustalari ishtirokida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan musobaqaning bu yilgi yakkalik bahslarida ATP va WTA reytingida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 100 nafar erkak tennischidan 99 nafari va eng yaxshi TOP-100 likdan o‘rin olgan tennischi qizlarning 98 nafari qatorida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Kamilla Rahimova ham asosiy setkadan o‘rin oldi.

O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan tennischimiz Kamilla Rahimova rossiyalik Anna Blinkova bilan “Australian Open-2026”ning juftlik bahslarida harakatlanadi.
Bugungi kunda Kamilla Rahimova WTA reytingida juftlikda 136, yakkalikda esa 97-o‘rinda qayd etilgan.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 100 million dollarga yaqin bo‘lgan nufuzli musobaqaning saralashi 12 yanvardan boshlansa, asosiy to‘r o‘yinlari 18 yanvar - 1 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA