Shu kunlarda mamlakatimizning eng kuchli ikki tennischisi Kamila Rahimova va Polina Kudermetova AQSH hamda Turkiya mamlakatlarida o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda o‘z ishtirokini davom ettirmoqda.
Turkiyaning Antaliya shahrida ayollar o‘rtasidagi "Chellenjer" musobaqasida hamyurtimiz Polina Kudermetova yakkalik bahslarining ilk bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, WTA 125 tasnifidagi ushbu xalqaro turniri asosiy to‘r uchrashuvlarining ilk bosqichida P.Kudermetova neytral maqomdagi Alina Charayevani 7:5, 6:4 hisobida taslim qildi va ikkinchi davrada vengriyalik Panna Udvardi bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
Avval xabar berganimizdek, Indian-Uels shahrida (AQSH) ayollar o‘rtasida WTA 1000 toifasiga kiruvchi “Indian Wells Open” xalqaro turnirida hamyurtimiz Kamilla Rahimova asosiy to‘r bahslariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
Bugun tennischimiz asosiy to‘rning birinchi davrasida kanadalik Bianka Andresku bilan kuch sinashadi. Agarda bu to‘qnashuvda tennischimiz g‘alaba qozona olsa, ikkinchi davrada amerikalik Koko Gaufga qarshi to‘qnash keladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA