Poytaxtimizda ilk bor U-12, U-14, U-16 yosh toifalari o‘rtasida katta tennis bo‘yicha «JWTS seriyasiga kiruvchi Markaziy Osiyo turniri bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizning iste’dodli yosh raketka ustalari qatori Qozog‘iston va Pokiston mamlakatlarining tennischilari qatnashdi. Turnirda ishtirokchilar sovrinli o‘rinlar bilan birgalikda Ispaniyada o‘tkaziladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritish uchun har tomonlama murosasiz bahslarni olib borishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Ispaniya kortlarida o‘tadigan betakror mashg‘ulotlarga yo‘l Toshkent maydonlaridan boshlandi.
Har bir yosh toifasidagi bahslarda 50 nafardan 70 nafargacha bo‘lgan tennischilar ishtirok etishdi.
Shiddatli o‘yinlar natijasida 12 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasida hamyurtimiz Saidamir Ikramov, qizlar o‘rtasida Muslima Turdimurodova, 14 yoshlilar o‘rtasida Axmadjon Toshmuhammedov va Nigina Alimova, 16 yoshlilar orasida Sarvar Azamatov va Samira Xaziyeva g‘oliblik shoxsupasiga chiqishdi.
Bahslarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan raketka ustalari O‘zbekiston tennis federatsiyasi hamda tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev. O‘zA.