Xabaringiz bor, mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Humoyun Sultonov Hindistonning Puna shahrida o‘tayotgan “Chellenjer“ turnirida ishtirok etmoqda.
«ATP 100» tasnifiga kiruvchi mazkur musobaqaning juftlik bahslarida H.Sultonov italiyalik sherigi Enriko Dalla Valle bilan tandem hosil qilib, ilk bosqichda mezbonlar vakili Karan Sing va Nitin Kumar Sinhani har ikkala setda bir xil 6:2 hisobida taslim qilgan holda chorak finalga yo‘l oldi.
Endi Humoyun va Enriko yarim final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan bellashuvda avstraliyalik tennischilar Blek Mayodon va Mattyu Xristofer Romios juftligiga qarshi kortga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, tennischimiz yakkalik bahslaridagi ilk uchrashuvini avstraliyalik Tristan Skulkeytniga qarshi o‘tkazib, 6:3, 4:6, 6:3 hisobida raqibi ustidan g‘alaba qozongandi. Nimchorak finalda boshqa bir avstraliyalik tennischi Bernard Tomich bilan raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA