Bugungi demokratik jamiyatda eng ulug‘ qadriyat insonning teng huquqli bo‘lishidir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida belgilangan “xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” tamoyili xalqimizning asrlar davomida shakllangan adolat, mehr-oqibat va hurmat qadriyatlari bilan uyg‘unlashgan holda, jamiyat taraqqiyotining muhim siyosiy asosiga aylangan. Bu modda oddiy huquqiy norma emas. Bu davlatning gender tenglikka bo‘lgan qat’iy pozitsiyasi, jamiyatda adolat tamoyilining ustuvorligini e’tirof etishdir. Chunki tenglik bo‘lmasa, rivojlanish bo‘lmaydi; imkoniyat bo‘lmasa, yuksalish bo‘lmaydi; tarafkashlik bo‘lgan jamiyatda esa taraqqiyotga keng yo‘l ochilmaydi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ayollar va erkaklarning davlat boshqaruvida, siyosatda, iqtisodiyotda, tadbirkorlikda, fan va ta’limda bir xil imkoniyatlarga ega bo‘lishi demokratik tamoyillarning amaldagi ifodasidir. Xotin-qizlarning siyosiy faolligi ortmoqda, ularning parlament, vazirlik va idoralardagi soni kengaymoqda, ayollar tadbirkorligi kuchaymoqda, ta’lim olishdagi ko‘rsatkichlar yuksalmoqda. Bularning barchasi Konstitutsiyaning ushbu moddasi hayotda real ishlayotganining dalilidir.
Gender tenglik ayollarni erkaklardan ustun qo‘yish emas. Bu har bir insonning imkoniyatlarini ochish, har bir fuqaroning jamiyatga hissa qo‘shishiga teng sharoit yaratishdir. Ayolning ovozi jamiyatning ovozidir. Ayolni qo‘llab-quvvatlash butun jamiyatning intellektual va iqtisodiy salohiyatini oshirish demakdir.
Dunyo tajribasi ko‘rsatadiki, gender tenglik ta’minlangan mamlakatlar eng tez rivojlanadi, innovatsiyalar ko‘payadi, farovonlik kuchayadi. O‘zbekistonning ham ushbu yo‘nalishda izchil siyosati bor. Konstitutsiyaning 58-moddasi ana shu islohotlarning asosiy poydevori, barqaror taraqqiyotga eltuvchi huquqiy kafolatdir.
Shunday ekan, xotin-qizlar va erkaklar tengligi nafaqat huquqiy me’yor, balki jamiyat madaniyati, rivojlanish strategiyasi va kelajak avlodning ongiga singdirilayotgan muhim qadriyatlardan biridir. Bugungi globallashuv davrida har bir davlatning raqobatbardoshligi faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, tabiiy resurslar yoki geografik imkoniyatlar bilan belgilanmaydi. Asosiy kuch inson kapitali. Inson kapitali esa jamiyatdagi tenglik, adolat va erkinlikka tayanadi. Ayniqsa, boshqaruv tizimida gender tengligining targ‘ib etilishi davlatning ma’naviy-axloqiy yetukligini va demokratik qadriyatlarga sodiqligini ifodalaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasi shunday deydi: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat ularga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda teng imkoniyatlarni ta’minlaydi.” Bu modda nafaqat huquqiy qoida, balki ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning tayanchi, zamonaviy boshqaruvning strategik mezonidir. Chunki boshqaruvda tenglik bo‘lmasa, qarorlar bir tomonlama bo‘ladi, tasavvurlar torayadi, jamiyatning yarmi imkoniyatsiz, ikkinchi yarmi ortiqcha yuk ostida qoladi.
Gender tenglikni targ‘ib etish bu ayollarni erkaklardan ustun qo‘yish emas. Bu jamiyatdagi barcha salohiyatni ishga solish, har bir fuqaroning intellektual va tashabbuskor imkoniyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishdir. Bugun dunyoda yetakchi davlatlar gender balansni boshqaruvda kuchaytirish orqali yuksalmoqda. Bunga sabab oddiy: ayol boshqaruvga kirsa, boshqaruvga o‘ziga xos yondashuv, halollik, tizimlilik va ijtimoiy sezgirlik kiradi. Bu ilmiy tadqiqotlar bilan ham tasdiqlangan: ayollar rahbarlik qilayotgan tashkilotlarda korrupsiya darajasi pastroq, ijtimoiy masalalar samaraliroq hal etiladi, boshqaruv qarorlari esa uzoq muddatli barqarorlikka yo‘naltiriladi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda gender siyosati davlat darajasida faol qo‘llab-quvvatlanayotgani tahsinga loyiq. Senatda xotin-qizlar ulushi yuqori, davlat xizmatlarida ayollar faolligi ortib bormoqda, hokim yordamchilari institutida ayollar uchun alohida imkoniyatlar yaratilmoqda, ayollar tadbirkorligi misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanmoqda. Bularning barchasi 58-moddaning hayotiy mexanizmlar orqali to‘liq ishlayotganining yorqin isboti.
Ammo boshqaruvda gender tenglikni targ‘ib etish davriy kampaniya emas, balki madaniyatdir. Bu madaniyatni bolalar ongidan boshlab shakllantirish, oilada, maktabda, mahallada, universitetda davom ettirish zarur. Ayolning jamiyatda ovozi baland bo‘lsa bu jamiyatning ovozi baland bo‘lganidir. Ayolning fikri qadrlansa bu mamlakatning kelajagi qadrlanganidir.
Yangi O‘zbekistonning boshqaruv tizimi inklyuziv boshqaruv bo‘lishi kerak. Ya’ni siyosiy qarorlar qabul qilinadigan jarayonda jamiyatning barcha qatlamlari, barcha jinslari, barcha tajribasi inobatga olinishi lozim. Zero, tenglik bu nafaqat adolat, balki samaradorlikdir. Gender tenglikni targ‘ib etish orqali biz nafaqat ayolni emas, balki jamiyatni yuksaltiramiz. Na faqat boshqaruvni emas, balki kelajakni mustahkamlaymiz. Chunki taraqqiyot yo‘lida eng muhim tamoyil bu kimnidir ortda qoldirmaslik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, salohiyatni qadrlash va barcha uchun imkon yaratishdir.
Shu bois, konstitutsiyaviy tenglik tamoyili davlatning ijtimoiy shiori emas, balki demokratik boshqaruvning o‘zagi, jamiyat taraqqiyotining drayveri, adolatli kelajakning poydevoridir.
Madinaxon Qiyomxoʻjayeva,
Jamoat xavfsizligi universiteti oʻqituvchisi