O‘zA “Tengdoshim” loyihasi orqali bilimi va iqtidori bilan rivojlangan xorijiy yurtlarda muvaffaqiyatga erishayotgan o‘zbek yoshlari haqida hikoya qiliishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz 50 dan ziyod xalqaro tanlov va festivallar g‘olibi, “Shine” qizlar akademiyasi rahbari, “Şahide” brendi va “Shiny travels” tur kompaniyasi asoschisi – Shohida Yusupova.
Xorazmning Yangibozor tumanida tug‘ilgan Shohida 24 yoshda. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori. Xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi yosh elchisi, Garvard universitetida “Rahbarlik va boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan, Berlin Biznes institutida “Marketing va kommunikatsiya” yo‘nalishi maxsus kursini bitirgan. 4 tilda erkin so‘zlasha oladi. Ayni payt Italiyaning Siyena universiteti “Xalqaro diplomatiya” yo‘nalishi magistranti.
Bolaligim ijtimoiy faollikda, bilim olish, xorijiy tillarni o‘rganish bilan juda unutilmas, betakror o‘tgan, desam mubolag‘a emas. Ota-onam 5 yoshimda yozish va o‘qishni o‘rgatgan. Eslasam, otam aytgan ertaklar, chang ko‘chalar, yashil bog‘lar ko‘z oldimda gavdalanadi. Bilasizmi, padari buzrukvorim mening ta’lim olishim bilan alohida shug‘ullangan. Bog‘chaga borgan kezlarim uyga vazifa qilib berilgan she’rlarni o‘zi yodlatardi. Onam esa yozishni o‘rgatgan. Maktabda hamisha a’lochilar safida bo‘lishga intilganman.
Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan paytim otam har hafta bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar olib kelardi. O‘qigan asarlarim tufayli adabiyotga mehr uyg‘ondi va 11 yoshimdan she’r yozishni mashq qila boshladim. Bunga befarq bo‘lmagan boshlang‘ich sinf o‘qituvchim Sayyora opa Jumaniyozova maktabimizdagi adabiyot fani muallimga she’rlarimni ko‘rsatib, menga yo‘nalish bergan. Shundan so‘ng ona tili va adabiyot fani ustozim Muborak opa Yusupova meni Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Yog‘du” she’riyat klubiga olib bordi.

14 yoshimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi huzuridagi Bolalar parlamenti deputati bo‘lganman, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan turli loyiha va anjumanlarda ishtirok etganman.
2015-yil tumanimizdagi 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlab, Yangibozor Pedagogika va sport kollejida o‘qishni davom ettirdim. Barcha abituriyentlar kabi men ham uyqusiz tunlarni, mashaqqatli kunlarni boshdan kechirganman. Ona tili, tarix, ingliz tilidan astoydil tayyorlanganman.
Shuni aytib o‘tishim kerak, 5-yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga hujjat topshirganman. Har yili bahorni intiqib kutardim. Va nihoyat 2018-yil bahori menga bolaligimda televizorda ko‘rib, havas qilgan onlarni hadya etdi. “Adabiyot” yo‘nalishi bo‘yicha ushbu mukofot sovrindori bo‘ldim. G‘oliblik menga ulkan mas’uliyat hissini ham yukladi.

O‘sha yil Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti “Xalqaro jurnalistika” yo‘nalishiga imtiyozli ravishda qabul qilindim. Talabalik yillari shaxs va ijodkor sifatida shakllanish, o‘z yo‘nalishimni topishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi.
Yuzlab o‘zbek yoshlarining kitoblarini xorijda nashr ettirdik
2019-yildan adabiy tarjima bilan jiddiy shug‘ullana boshladim. Bugungi kunga qadar yuzdan ziyod iste’dodli o‘zbek yoshlarining ijodiy ishlarini jamlab, Amerika, Turkiya, Xitoy, Ozarbayjon, Misr, Hindiston kabi mamlakatlarda xalqaro antologiyalar chop ettirdik, kitoblar taqdimotini o‘tkazdik. Jumladan, Amerikada “Talented voices of Uzbekistan”, “Leader girls lead the world”, “Rising flowers of Uzbekistan”, Turkiyada “Özbekistan’ın yetenekli sesleri”, “Türkçenin dünyadaki Özbek sesi”, “Özbeklerin yürek sözleri”, Xitoyda “O‘zbekiston sharq gavhari”, Ozarbayjonda “Özbekistanin istedadlı qızlari” kitoblarini nashrdan chiqardik.

O‘zbekiston adabiyoti, san’ati va madaniyatini butun dunyoga tarannum etish, tanitish eng katta maqsadlarimdan biri.
Xorijga har bir safarimdan yangi kuch, motivatsiya olib qaytaman
Yuqorida aytib o‘tganimdek, qat’iy iroda va intilish sabab ko‘pgina yutuqlarga erishyapman. 2018-yil Hindistonning “Kafla International” tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan 12-Xalqaro yozuvchilar festivalida maxsus sovringa ega bo‘ldim. 2021-yil Turkiyaning “Türk yayinevi” nashriyoti kaminani “Beyaz diplomasi” mukofoti bilan taqdirladi. Xuddi shu yili Misrda o‘tkazilgan Xalqaro adabiyot festivalida “Taghreed Fayyad” mukofotini olish nasib qildi.

2022-yil “Galleon Publishing” nashriyoti hamda “Global TV India” hamkorligida chop etilgan, sayyoramizdagi eng muvaffaqqiyatli yosh liderlar hayoti va faoliyati haqida hikoya qilingan “Dunyoning 30 porlayotgan yulduzi” kitobi qahramonlari safiga tanlab olindim va Gran prini qo‘lga kiritdim.
18 yoshimdan beri moliyaviy mustaqilman. Turli sohalarda ishlash, tajriba orttirish, yangi bilim olish men uchun oddiy hayot tarziga aylangan. Til o‘rganish, yangi sohalarni o‘zlashtirish dunyo ko‘rish, ezgu maqsadlarga erishish imkonini bermoqda.
2022-yil O‘zbekistonda “Shine” qizlar akademiyasiga asos solib, onlayn ta’lim platformasini yaratdik. Akademiyamizda shaxs sifatida rivojlanish, xorijiy tillarni o‘rganish va xalqaro maydonga chiqish bo‘yicha dars, maslahat beriladi. Bugungi kunda ushbu maskan orqali yuzlab qizlar til o‘rganib, xalqaro maydonga chiqishdi, o‘z karyerasini qura boshladi.

Shundan keyin “Şahide” brendi va “Shiny travels” tur kompaniyasiga asos soldim. Maqtanishga yo‘ymang-u, 21 yoshimda otamga yangi avtomobil sovg‘a qildim, 23 yoshimda shahar markazidan orzuimdagidek uy sotib oldim. Shu kungacha dunyoning 18 mamlakatida bo‘ldim. Har bir sayohatimdan o‘zimga qo‘shimcha kuch, rag‘bat olib qaytaman.
O‘zbekistonda xotin-qizlarga imkoniyat katta
Jonajon o‘lkamizda xotin-qizlar uchun mislsiz sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi, ana shu qulayliklardan to‘g‘ri foydalana olish, imkoniyat berilganda, to‘g‘ri qaror qabul qilish.
Agar qobiliyatimizni to‘g‘ri yo‘naltirib, o‘z ustimizda muttasil ishlasak, iste’dodimizni namoyon qilsak, erishib bo‘lmaydigan marra yo‘q. Asosiysi, mehnat va mashaqqatdan qochmaslik.
Onam shifokor bo‘lishimni xohlardi...
Otam – fermer, onam – uy bekasi, ukam tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. To‘g‘risi, oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchunmi, doim zimmamdagi yuqori mas’uliyat hissi sezilib turadi.

Ota-onam bizga unutilmas bolalik onlarini hadya etgan. Sayohatga olib chiqishardi, oilaviy bayramlar uyushtirardik, har qanday – kichik-kichik muvaffaqqiyatimizni ham doim birga baham ko‘rardik.
Onam shifokor bo‘lishimni xohlagan. O‘zi ham yoshligida tibbiyot sohasiga juda qiziqqan ekan-u, lekin oliy ma’lumot olish nasib qilmagan. Tibbiyot universitetiga hujjat topshirishimni ko‘p bor so‘radi, ammo so‘zimda qat’iy turib oldim.
Til bilgan el biladi
Xorijda o‘qimoqchi bo‘lgan o‘zbek yoshlariga qat’iyat, sabr tilayman, mas’uliyatni his qilish, eng muhimi, harakatdan to‘xtamaslikni maslahat beraman. O‘qishdan tashqari kuchli “networking”ni rivojlantirish, turli sohalar bo‘yicha salohiyatli, tajribali do‘stlar orttirish, yangi yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘rish, tavakkal qilishdan qo‘rqmaslik kerak.

Tabiiyki, chet elga borgan kishi qiyinchilikka uchraydi: o‘zga mamlakat, boshqacha madaniyat, turli millat vakillari... Moslashish jarayoni oson kechmaydi. Harakat, intilish esa hech qachon izsiz ketmaydi.
Yana, tengdoshlarimga xorijiy tillarni mukammal o‘rganish, turli sohalar bo‘yicha bilim olishdan chekinmaslikni ham maslahat bergan bo‘lardim. Zero, “Til bilgan el biladi” naqli bejiz paydo bo‘lmagan.
Hayotdagi missiyam
O‘ylab qarasam, xohlaganimdek natija bermagan qarorlarim, qaysidir ma’noda, tajriba, dars bo‘lgan.
Zamon tez rivojlanyapti, yangi kasb, yo‘nalishlar paydo bo‘lyapti. O‘z biznesi, shaxsiy brendiga ega inson yangi sohalarni o‘zlashtirib bormasa, o‘sa olmaydi. Shuning uchun kasb va faoliyat o‘zgarishini oddiy qabul qilaman, vaziyatga moslashaveraman.

Har bir inson, ma’lum ma’noda, o‘z missiyasi bilan dunyoga keladi. Mening missiyam – odamlarga ilm ulashish, ayol-qizlarga rivojlanishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, iqtidor va qobiliyatini namoyon qilishida ko‘maklashish, deb o‘ylayman.
Ota-onam, yaqinlarimga yordam berib, hayotning har bir lahzasidan zavq olib, baxtni, shukronalikni, go‘zallikni his qilib yashash – eng oliy maqsadim.
O‘tkir ALIMOV tayyorladi.
O‘zA