French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tenderdagi noxolislik haqida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlar o‘z tasdig‘ini topdi
12:00 / 2026-03-05

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tenderda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilgani haqidagi xabar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

Xususan, “Ta’minot va logistika xizmati” korxonasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan boshlang‘ich narxi 22,4 milliard so‘mlik tender g‘oliblari “V.E.T.S.” va  “M.G.” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘rtasida shubhali bog‘liqlik borligiga aniqlik kiritildi.  

O‘rganish jarayonida aniqlandiki, «M.G.» mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari 2025-yil 4-dekabrga qadar, ya’ni ushbu e’lon davlat xaridlari maxsus axborot tizimiga joylashtirilgan paytda “V.E.T.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yagona ta’sischi va rahbar bo‘lgan. Shuningdek, yana bir shaxs 2024-yil 26-aprelga qadar “V.E.T.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyatida, 2021-yil 29-dekabrgacha esa «M.G.» mas’uliyati cheklangan jamiyatida rahbar va ta’sischi sifatida faoliyat yuritgan.

Shu bilan birga, ushbu affillangan shaxslar buyurtmachi tomonidan 2025-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan boshlang‘ich narxi 93,0 million so‘mlik davlat xaridida ham g‘olib va zaxira g‘olibi deb topilgani ma’lum bo‘ldi.  

Qayd etilgan holatlarda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qarorining bir qator talablari buzilgan.

Shu bois, Agentlik tomonidan buyurtmachiga yuqorida qayd etilgan davlat xaridlari natijalarini bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, yuqoridagi holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi  organlarga yuborildi.

Hujjatlar “Ta’minot va logistika xizmati” mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqilmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA