Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tender savdolari – shaffoflik va ochiqlik muhim mezon
19:11 / 2023-03-10

Mahalliy pudratchilarga xalqaro moliya instituti tomonidan moliyalashtiriladigan tenderlarda ishtirok etish qoidalari va tartibi tushuntirildi.

Xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasidagi tender savdolarida qanday ishtirok etish mumkin? Ayrim mahalliy pudratchi tashkilotlarning tenderlarda g‘olib bo‘lmasligiga nima sabab bo‘lmoqda? Tender hujjatlarini tayyorlashda qanday xato va kamchiliklar uchramoqda?  

Bu kabi savollarga poytaxtimizdagi “Frankfort” mehmonxonasida o‘tkazilgan “Xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan xalqaro tender savdolari: ishtirok etish qoidalari va jarayonlari” mavzusidagi seminarda javob berildi. Joriy yilda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan xalqaro moliya institutlari ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan 20 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyihalar doirasida 123 ta tender savdolarini o‘tkazish rejalashtirilgan.  

Seminar mashg‘ulotlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalliy pudratchi korxonalarni ana shu tender savdolarida ishtirok etishga jalb qilish, ularni tenderlarda ishtirok etish qoidalari va tartibi bilan yaqindan tanishtirish, qiziqtirayotgan savollariga atroflicha javob berishdan iborat.  

– bugungi kunda xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasidagi tender savdolari to‘liq shaffoflik asosida o‘tkaziladi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Rustam Mamadjanov. – Tender savdolari haqidagi ma’lumotlar aksiyadorlik jamiyatimizning, xalqaro moliya institutlarining rasmiy veb-saytlarida, tenderweek.com va boshqa elektron platformalarda e’lon qilinadi. Bundan tashqari, pudratchilar bilan qayta aloqa tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan, shu jumladan, ularni tender savdolari bo‘yicha qiziqtirayotgan savollarga javob berish uchun maxsus telegram-bot ishga tushirilgan.  

Seminar mashg‘ulotlari Osiyo Taraqqiyot banki, Arab muvofiqlashtirish guruhi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Jahon banki hamda Fransiya taraqqiyot agentligi kabi turli xalqaro moliya institutlari vakillari tomonidan o‘tkazilmoqda.  

Tadbir davomida ishtirokchilarga xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, “FIDIC” kitobi tavsiyalariga amal qilinishi, tender takliflarni lozim darajada ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar ham berildi. Ikki kunlik seminar yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.  

Nilufar Bozorova, Oybek Pardayev (surat) O‘zA