Markaziy Osiyo xalqlarining siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotida o‘chmas iz qoldirgan davlat arbobi, buyuk sarkarda Amir Temur hukmronlik qilgan davrlar tariximiz zarvaraqlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

O‘rta Osiyoda XIV asrning o‘rtalarida yuzaga kelgan chigal siyosiy vaziyat, ya’ni chingiziylar sulolasining inqirozga yuz tutib borishi, mahalliy hukmron doiralarning o‘zaro jangu jadallari avjiga chiqqan bir davrda siyosiy maydonda Sohibqiron paydo bo‘ldi. Uning muammoli masalalarga mohirona yechim topib, pirovardida markazlashgan bir davlat tiklashga muvaffaq bo‘lgani tarixiy asarlardan bizga ma’lum.
Amir Temur tarixi bilan bog‘liq tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar natijalari xususida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimovning fikrlariga qiziqdik.
– Tarixda Amir Temur nomi bir tomondan keng makonlarni istilo etgan fotih sarkarda, ikkinchi tomondan mamlakatda ilm va san’at, savdo va obodonchilik kabi sohalarning rivoj topishiga, Markaziy Osiyo madaniyatining ikkinchi uyg‘onish davri uchun zamin yaratgan davlat arbobi sifatida muhrlanib qoldi, – deya fikrini boshlaydi professor Bahrom Abduhalimov. – Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Markaziy Osiyodagi eng katta qo‘lyozmalar xazinasi joylashgan. Ayni paytda bu fond jahondagi eng katta xazinalardan biri sanaladi. U 26 ming jilddan ortiq qo‘lyozma, 40 ming jilddan ortiq toshbosma kitoblarni va arab alifbosida bitilgan o‘n mingga yaqin tarixiy hujjatlar to‘plamlarini o‘z ichiga oladi. Qo‘lyozmalarning xronologik diapazoni 9-asrdan 20-asrning birinchi choragigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Arab, fors, turkiy, urdu, pushtu, hind va boshqa bir qator sharq xalqlarining tillarida yozilgan bu manbalar o‘rta asr fanlarining turli sohalari – tarix, adabiyot, falsafa, huquq, astronomiya, fizika, kimyo, tibbiyot, farmakologiya, tilshunoslik, geografiya, musiqa, matematika, mineralogiya, qishloq xo‘jaligi, tasviriy san’at va boshqa bilim sohalarini qamrab olgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, Amir Temur va temuriylar davri tarixidan hikoya qiluvchi va o‘sha davrda yashab ijod etgan mualliflar qalamiga mansub asarlar mazkur xazinada alohida o‘rin tutadi va albatta, sharqshunoslarimiz oldida turgan eng katta vazifa – shu manbalarni ilmiy muomalaga kiritishdan iborat.
Bu sohada institutda ancha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Hatto sho‘rolar davridayoq – 1972 yilda Asomiddin O‘rinboyev tomonidan tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy qalamiga mansub “Zafarnoma” asarining nashr etilishi katta jasorat edi. Lekin uning ayanchli oqibatlari olimlarni temurshunoslik sohasidan bezdirib qo‘ygani ham ochiq haqiqatdir.
Mustaqillik yillarida temurshunoslik sohasidagi katta o‘sishni kuzatamiz. Qator asarlar arab, fors tillaridan o‘zbekchaga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tiboriga havola etildi. Jumladan, yuqorida nomi zikr etilgan “Zafarnoma” asari dastlab o‘zbekchaga terma tarjima shaklida 1992 yilda, keyinchalik to‘la holda 1994 yilda chop qilindi.
Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy” asari fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, izohlari bilan 2011 yilda chop etildi. Kitobda Markaziy Osiyo tarixining qadim davrlardan to Amir Temur vafotigacha bo‘lgan davri yoritilgan. Arab tarixchisi Ibn Arabshohning “Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur” (Temur tarixida taqdir ajoyibotlari) nomli kitob arab tilidan tarjima qilinib, 1992 yilda ikki jildda chop etildi. Temuriylar davri tarixini yorituvchi yana bir yirik asar Amir Temur bilan zamondosh va suhbatdosh bo‘lgan muallif – Nizomiddin Shomiy qalamiga mansub “Zafarnoma” asari ham 1996 yilda o‘zbek tilida tarjima qilinib, nashr etildi.
Sharqshunoslarimizning yirik nashr ishlaridan yana biri Abdurazzoq Samarqandiy qalamiga mansub “Matlai Sa’dayn va majmai bahrayn” asarining fors tilidan o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasining 2008 yildagi nashridir. “Temur tuzuklari”ning nashr etilishida ham institutimiz olimlari katta jonbozlik ko‘rsatdilar.
Temuriylar sulolasining yorqin vakili, hukmdor va olim Mirzo Ulug‘bek qalamiga mansub “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) nomli asar ham institutning manbashunos olimlari tomonidan o‘rganilib, chop qilingan. Unda Ulug‘bekning hukmdorlik davrigacha Markaziy Osiyoda kechgan siyosiy jarayonlar yoritilgan. Ammo Ulug‘bek asarlarining toji bo‘lgan «Ziji Kuragoniy»ning rus tiliga tarjimasi to‘liq holda 1994 yildagina A.Ahmedov tomonidan amalga oshirilgan edi. 2022 yilda esa Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (SHHT) navbatdagi sammiti munosabati bilan mazkur asarning o‘zbek, rus, ingliz va xitoy tillaridagi nashrlari amalga oshirildi va SHHTga a’zo davlatlar rahbarlariga tuhfa qilindi.
Temuriylar davri diplomatiyasi bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, ulardan biri G‘iyosiddin Naqqoshning “Xitoy safarnomasi”dir. Ushbu kitobchada 1419-1422 yillarda O‘rta Osiyo va Xurosondan Xitoyga borib kelgan elchilardan biri – G‘iyosiddin Naqqoshning safar kundaligining forschadan o‘zbek tiliga tarjimasi keltiriladi. Asar O‘rta Osiyo bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo-sotiq va elchilik munosabatlari, xalqlar, urf-odatlar, qadimgi Buyuk Ipak yo‘li orqali o‘tgan savdo yo‘llari haqida hikoya qiladi.
Institut olimlari tomonidan temurshunoslik sohasida ko‘plab ilmiy maqolalar va qator monografiyalar ham tayyorlangan. Masalan, “Amir Temur jahon tarixida” yirik kitob-albomi bir necha mualliflarning Amir Temur tarixiga bag‘ishlangan maxsus tadqiqotlarini o‘z ichiga olgan. Uning nashrga tayyorlanishida Sharqshunoslik institutining bir qator xodimlari ham ishtirok etishgan. Asarda sohibqiron hayoti va faoliyatiga doir o‘z davri qo‘lyozma asarlarida saqlanib qolgan fors, arab va turkiy tillardagi ma’lumotlardan lavhalar keltirilgan, ular asosida Temuriylar saltanatining tashkil topishi va yuksalish davrlari haqida tarixiy tasavvurlarga ega bo‘lish mumkin.
Bundan tashqari “Amir Temurning turkiy yorlig‘i”, “Sohibqiron Amir Temur”, “Amir Temur davlatida boshqaruv tizimi”, “Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi”, “Farg‘ona vodiysining temuriylar manbalaridagi tavsifi” kabi kitob va risolalar chop etildi.
So‘nggi chop etilgan tadqiqotlardan biri “Amir Temur xatlari” nomli monografiya bo‘lib, u Sohibqironning xorijiy davlatlar hukmdorlari, mashhur shaxslari bilan olib borgan yozishmalarining tarjima va tahliliga bag‘ishlangan. Kitobga, shuningdek, mazkur davr hukmdorlarining Amir Temur siyosatidan ta’sirlanib olib borgan o‘zaro yozma muloqotlari ham jalb etilganki, bu davr xalqaro aloqalar manzarasini yanada ravshanroq tasavvur etishga yordam beradi. Monografiyada Amir Temurning Dehliga yurishidan so‘ng e’lon qilgan fathnomasi hamda 1402 yilda Anqara jangidagi g‘alabadan so‘ng e’lon qilgan fathnomalarning o‘zbek tiliga tarjimalari taqdim etilgan va nazarimda, bu matnlar barchaga qiziq bo‘lsa kerak. Zero bu fathnomalarda jangning taktikasi, unda har ikki tarafdan ishtirok etgan temuriy shahzodalar va mansabdor shaxslar, jangda ishlatilgan qurollar va moslamalar haqida qiziqarli ma’lumotlar o‘z aksini topgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlamoqchimanki, temuriylar davri tarixi nafaqat O‘zbekiston tarixining, balki jahon tarixining eng zalvorli bo‘lagini tashkil etadi va institutimiz olimlari tomonidan bajarilgan ishlar ichida eng ko‘p nashrlar ham temuriylar davri tarixiga to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lsa-da, hali bu sohada qilinadigan ishlar talaygina va quvonarlisi, hozirda bu izlanishlarga xorijiy olimlar ham qiziqish bildirmoqda. Umid qilamizki xalqaro kooperatsiyalar kelajakda yangidan-yangi nashrlarga yo‘l ochadi.
Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi, O‘zA