Vatanimiz tarixidagi 14 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1420 yil (bundan 600 yil oldin) – amirzoda Shohrux hukmronligidagi Temuriylar davlatidan Xitoy imperatori Chju-Di saroyiga yuborilgan katta elchilar guruhi Xitoy poytaxti Xonbaliq (hozirgi Pekin) shahriga yetib bordilar. Mazkur elchilik tarkibida bo‘lgan G‘iyosiddin Naqqosh zimmasiga temuriyzoda Boysung‘ur tomonidan maxsus topshiriq – barcha ko‘rgan-kechirganlarini kundalik tarzida aniq yozib kelish yuklangan edi. Jumladan, G‘iyosiddin Naqqosh o‘ziga berilgan topshiriq haqida safarnomasida quyidagicha qayd etgan:
“Mirzo Boysung‘ur (o‘z nomidan) Sulton Ahmad bilan G‘iyosiddin Naqqoshni (elchilarga qo‘shib) yuborar ekan, xoja G‘iyosiddinga dorussaltana Hirotdan chiqish kunidan to qaytib kelish kunigacha har bir shahar va viloyatda yo‘llarning qandayligi, viloyat va imoratlarning sifati, shaharlarning qonun-qoidalari, podshohlarning kuch-qudrati va ularning davlatni boshqarish ham siyosat uslubi, u shahar va diyorlarning ajoyibotlari va nomdor mamlakatlarning fe’l-atvoriga oid nimaiki ko‘rib bilsa, hammasini kundalik tarzida kunma-kun yozib borishi lozimligini g‘oyat ta’kidlagan edi”. Bu vazifa to‘kis ado etilib, G‘iyosiddin Naqqosh yozib qoldirgan safarnoma bizgacha yetib kelgan.
Ushbu kundalikda qayd etilishicha, Xitoydagi tartibga muvofiq Xonbaliqqa yo‘l olgan Temuriy elchilar o‘z xizmatkorlari va ot-ulovlarini Qamju (Chjane) shahrida qoldirganlar. Xonbaliqqacha va u yerdan qaytishlarida ham ularni imperator tomonidan tayinlangan maxsus odamlar boshlab yurgan. Bundan tashqari, G‘iyosiddin Naqqoshning yozishicha, Xitoy mamlakatiga kirish va chiqishning o‘ziga xos rasmiyatchiliklari bo‘lgan. Chunonchi, Xitoy chegarasida Xitoy yeriga qadam qo‘ygan har bir kishining ismi va tashqi qiyofasi maxsus daftarda qayd etilgan va u qaytib chiqayotganida ana shu daftar ma’lumotlari asosida tekshirilgan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Xonbaliq Xitoy poytaxti Pekinning tarixiy nomlaridan biri hisoblanadi. U “Xon shahri” degan ma’noni anglatadi. Unga bu nomni Chingizxonning nabirasi, Mo‘g‘ullar davlati hukmdori Xubilayxon bergan. 1404 yilda Samarqandga kelgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z kundaligida “Samarqand shahridan Xitoy mamlakatidagi eng yirik shahar Kambalekgacha (Xonbaliqqacha) olti oylik yo‘l. Shundan ikki oylik muddat davomidagi yo‘lda qo‘y boqib yurgan cho‘ponlar o‘tovidan boshqa aholi yashaydigan hech bir turarjoy uchramaydi”, deb yozgan edi.
1875 yil (bundan 145 yil oldin) – Qo‘qon xoni Olimxonning Samarqandda istiqomat qilayotgan nabirasi Po‘latbek nomini o‘zlashtirib, 1873–1876 yillardagi Po‘latxon qo‘zg‘oloniga rahbarlik qilgan, 1873 yilda qirg‘izlar tomonidan oq namatda ko‘tarib, tantanali ravishda xon deb e’lon qilingan Mulla Ishoq Mulla Hasan o‘g‘li – “Po‘latxon” Marg‘ilon shahridan xonlikning poytaxti Qo‘qon shahriga keldi.
Uni aholi juda tantanali kutib oldi. Tarixchi olim Haydarbek Bobobekovning arxiv hujjatlariga tayanib yozishicha, hattoki “Po‘latxon”ni munosib kutib olish uchun xon saroyidan Mazang qishilog‘igacha bo‘lgan yo‘lga gilam solingan. Biroq “Po‘latxon”ning faoliyati ko‘pga cho‘zilmadi. U 1876 yil 1 martda Marg‘ilon shahrida dorga osildi.
1925 yil (bundan 95 yil oldin) – musiqashunos, folklorshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Fayzulla Karomatov tavallud topdi. U 1999 yili “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
2000 yil (bundan 20 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 27 moddadan iborat.
2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorazm milliy tabiat bog‘ini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA