Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Temuriylar va ashtarxoniylar saroyida saqlangan g‘aroyib hayvon
13:15 / 2021-12-14

Ajabtovur ko‘rinishga ega bo‘lgan karkidonlar qadimgi davrdanoq kishilar e’tiborini o‘ziga tortib kelgan.

Bu bahaybat hayvonning Sibir karkidoni deb atalgan turi eng qadimgi davrlardayoq hozirgi O‘zbekiston hududida ham hayot kechirgan. Ammo vaqtlar o‘tishi bilan ular qirilib bitganlar. Afrika, Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyoda tarqalgan bu hayvonning bir necha turi bugun ham tropik o‘rmonlar, suv bo‘yidagi chakalakzorlar, tog‘lar va botqoqliklarda yashab keladi. Ularning go‘shti va yog‘i yeyiladi, terisi va shoxidan turli buyumlar tayyorlanadi. Shu sababli ham ular turli davrlarda insonlar e’tiborini o‘ziga tortib kelgan.

Yurtimiz hududlarida karkidonlar eng qadimgi davrlardayoq yo‘qlikka yuz tutgan bo‘lsa-da, ajdodlarimiz yozgan asarlarda boshqa o‘lkalardagi, ayniqsa, Hind diyoridagi karkidonlar haqida ko‘plab ma’lumotlarni uchratish mumkin. Hatto sovg‘a tariqasida yoki boshqa maqsadlarda Turonzaminga olib kelingan hind karkidonlari haqidagi xabarlar ham bor. Karkidonning shoxi, suyagi yoki terisidan tayyorlangan karki qalqon, karki pichoq kabi ko‘plab buyumlar savdogarlar orqali o‘lkamizga kirib kelgan. Quyidagi maqolada karkidonlar bilan bog‘liq ana shunday ayrim jihatlarga e’tibor qaratmoqchimiz.

TOSHKENT VA FARG‘ONANING KARKIDONLARI

Farg‘ona vodiysida joylashgan qadimgi Selungur g‘orining madaniy qatlamlaridan o‘ttiz ikki turdagi sutemizuvchi hayvonlar qoldiqlari qatorida karkidon suyaklari ham topilgan. Demak, qadimgi tosh davridayoq bu hududda karkidonlarning qadimiy turlari kezib yurgan va ibtidoiy odamlar ularni ovlab, go‘shtini iste’mol qilishgan. Hozirgi Toshkent vohasida ham qadimda yungdor karkidonlar yashagan. Toshkentning g‘arbida, Qoraqamish jarligining sohilida joylashgan Qoraqamish makonidan qadimgi tosh davrida yashagan Sibir karkidonining tishi topilgan.

O‘rta asrlarga oid manbalarda karkidonlar haqidagi ma’lumotlar ko‘p uchraydi. Masalan, o‘ninchi asrga oid “Hudud ul-olam” asarida Sarandib (Seylon) tog‘ida karkidonlar o‘tlab yurishi bayon etilgan. Tilshunos va tarixchi olim Abu Mansur Saolibiyning “Kitob latoif al-maorif” (“Ajoyib ma’lumotlar kitobi”)da ham ayni shu jonivor tilga olingan. Muallif o‘zi so‘z yuritgan hududlarning boshqa joylarda bo‘lmaydigan yoki kam uchraydigan o‘ziga xosliklari haqida gapirib, navbat Hindistonga yetganda bu yerda yashaydigan karkidonlarni tilga olgan. Turk diyori haqida qayd etganda esa xutuv (karkidon shoxi)ni yod etgan.

BERUNIY KARKIDONNI KO‘RGANMI?

O‘rta asrlarning buyuk daholaridan biri Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asarida ham karkidonlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni uchratish mumkin. Karkidonni hindlar tilidagi kabi “ganda” deb yozgan Beruniy uning Ganga daryosi tevaragida ko‘p uchrashini ta’kidlagan. Jonivorning tashqi ko‘rinishini batafsil tavsiflagandan so‘ng uning go‘shtini faqat braxmanlar yeyishini yozgan. Beruniy Hindistonda bu hayvonning bitta yoshginasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Bu yosh karkidon o‘ziga qarshi kelgan filni shoxi bilan oldingi oyog‘iga urib, yarador qilgani va suzib tashlaganini asarda qayd etib o‘tgan.

Umar Xayyomning shogirdi, alloma Abulfath Xaziniyning asarlarida karkidon shoxi haqidagi qiziq ma’lumotlar uchraydi. Uning qayd etishicha, karkidon shoxi xitoyliklar va turklarda alohida qadrlanadi. Ushbu xalqlar uning ziddi zahar bilan qandaydir aloqasi borligiga ishonadilar. Ularning fikricha, karkidon shoxiga zahar yaqinlashtirilganda, shox namlana boshlaydi.

AMIR TEMURNING KARKIDON OVI

Tarixchi olim G‘iyosiddin Xondamirning “Habib us-siyar fi axbori afrodi bashar” (“Bashar ahli siyratidan xabar beruvchi do‘st”) asarida ham “shaytonsifat” ushbu jonivor nomini uchratish mumkin. Muallifning ta’kidlashicha, Amir Temurning Hind yurishi vaqtida Dehli egallanib, 1398 yil 18 dekabrda zar bilan bezatilgan hukmdor bayrog‘i ko‘k rangli qal’a ustiga o‘rnatilgandan so‘ng: “G‘alabakor lashkar tasarrufiga kirgan bir yuz yigirma tog‘ kelbatli fil va bir qancha shaytonsifat karkidonlar gavhar sinoatli Sohibqironning oldiga keltirildi. Ular xuddi omonlik talab qilib iltimos qilayotgan kishilardek, yuzini yerga qo‘yib, nola qilardi”.

Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida ham Dehlida qo‘lga kiritilgan fillar va karkidonlar tilga olingan. Mazkur bir yuz yigirma filning bir qanchasi shahzodalarga ulashilgani, poytaxt Samarqand va boshqa shaharlarga yuborilgani haqida aytilsa-da, karkidonlarning taqdiri borasida hech narsa deyilmagan. Hind yurishidan g‘alaba bilan qaytayotgan Amir Temur 1399 yil 6 mart kuni yirik ov tashkil etgan. Yazdiyning yozishicha, bu ovda eng ko‘p ovlangan hayvon – shoxi bilan otni ko‘tarib uradigan karkidonlar bo‘lgan.

SHOHRUX MIRZO UCHUN NOYOB SOVG‘A

Temuriyzoda Shohrux mirzoning Hindistonga elchi sifatida yuborgan mulozimlari 1421 yil 28 sentyabrda Hirotga qaytib kelishgan. Ular bilan birga kelgan hadyalar orasida Hind diyorining ajoyibotlaridan biri bo‘lgan karkidon ham bor edi. Tarixchi olim Abdurazzoq Samarqandiy bu jonivorni quyidagicha tasvirlaydi: “…u g‘arib shaklli, ajib tuzilishli, qoramolga o‘xshash kesik tuyokli, peshonasi o‘rtasida bittagina shoxga ega hayvon ekan. Hech qanday tig‘ u jonivorning terisiga kor qilmaydi; uning terisidan mustahkam sipar ishlash mumkin; agarchi jussasi qoramoldek kelsa ham, ammo, aytishlaricha, fil bilan jang qilib, g‘olib kelar ekan”. Karkidonni Dehlidan Hirotgacha g‘ildirakli aravada olib kelishgan.

Ayni shu karkidonni torixchi olim Fasih Ahmad Xavofiy ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini “Mujmali Fasihiy” asarida qayd etib o‘tgan. Hindistonda uning terisidan qalqonlar yasalishi, hech qanday kesgir asbob uni teshib o‘ta olmasligini yozgan muallif uni ovlash jarayoni haqida ham ma’lumot bergan. Yana bir tarixchi Hofiz Abru ham shu karkidonni ko‘zlari bilan ko‘rgan. Bu karkidon Hofiz Abru o‘z asarini yozayotgan vaqtda – 1428 yilda ham Hirotda saqlangan va keltirilgan vaqtidagidan ko‘ra bir oz o‘sgan.

KARK OVIGA ISHTIYOQMAND BOBUR

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida ham karkidonlar haqida qimmatli va batafsil ma’lumotlar bor. Bobur Karkxona ham deb ataladigan Savoti, Bigrom, Payagda karkidon ovlagani haqida yozgan. “Bu ovlarda ko‘p kishini va otni shox urgan. Bir ovda Maqsud nomli tansoqchi otini shoxi bilan bir nayza bo‘yi ko‘tarib tashladi. Shu boisdan Maqsudga kark laqabi qo‘yildi”, deydi Bobur. Ov jarayonini to‘liq tasvirlagan muallif kattaligi uchta ho‘kizday keladigan karkidonning bir katta shoxidan kema shaklidagi suvdon va bitta nardning soqqachasi yasalganini aytgan. Uning yozishicha, karkidonlar Parshovar va Hashnagar changalzorlari, Sind daryosi bilan Bhira viloyati orasidagi changalzorlar, shuningdek, Saru daryosi qirg‘oqlarida juda ko‘p uchraydi.

XVI asrda yashagan turk olimi Seydi Ali Rais o‘z qalamiga mansub “Mir’otul mamolik” (“Mamlakatlar ko‘zgusi”) asarining “Boxtar zamin, ya’ni Zabo‘listonda ro‘y bergan sarguzashtlar bayoni” qismida karkidonlar haqida qisqacha ma’lumot beradi. Muallif Kobul safari chog‘ida ikkita karkidonga duch kelgani haqida yozadi. Uning qayd etishicha, tog‘lardagi ushbu ikki karkidonning: “Har biri fildek bo‘lib, peshonasida ikki qarich keladigan bitta shoxi bor edi. Ammo Xabash (Efiopiya) tog‘larida yashovchi karkidonlarning shoxlari bundan ham uzun ekanini so‘zlaydilar”.

XON VA ELCHI SUHBATINING SABABCHISI

Rossiyadan Buxoroga kelgan elchi Boris Pozixunning esdaliklarida ham mazkur hayvon nomi uchraydi. 1670 yil dekabrida Buxoro xoni Abdulazizxon elchilarni qabul qiladi. Rasmiy qabul marosimidan so‘ng bazm tashkil etiladi. Bazmda mehmonlarni hayratlantirish va xushnud etish uchun karkidon olib kelinadi. Vaziyatdan foydalangan elchi xon bilan Rossiyadagi noyob hayvonlar haqida suhbatlashishga erishadi.

Buxoroning XIX asr ikkinchi yarmidagi tashqi savdo aloqalarini tadqiq etgan tarixchi Davron Razzoqovning qayd etishicha, bu davrda Hindistondan Buxoroga turli qimmatbaho buyumlar qatorida karkidon shoxlari ham olib kelingan. Bu noyob mahsulot xaridorlar tomonidan yaxshigina qadrlangan.

Alisher EGAMBERDIEV