Poytaxtimizning qoq markazida joylashgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi kishini tarix haqiqatlaridan boxabar etadi.
Unda Sohibqiron Amir Temur va uning sulolasi haqida sizu biz bilmagan ma’lumotlar bisyor.
Ushbu tarixiy maskanning balandligi 31 metr, diametri 70 metrni tashkil etadi. Bino an’anaviy me’morchilik usulida aylana tarxli, ustki qismi gumbazli qilib qurilgan. Uch qavatli binoni barpo etishda tabiiy va sun’iy qurilish mahsulotlaridan foydalanilgan. Devorlarga maxsus ishlov berilgan. Unga turli bezaklar va jimjimador naqshlar solingan.
Baland zina bo‘ylab maskanga kirib borar ekansiz, ochiq rangli muhtasham devorli, havorang gumbazli inshoot sizni o‘z bag‘riga chorlaydi. Hashamdor, shu bilan birga, tarixiy ko‘rinishdagi eshik va uning tutqichlari sizni XIV-XV tomon yetaklaydi. Toza va ozoda yo‘lak, keng zal. Binoning ichki devorlari naqshinkor bezatilgan, suratlari tadrijiy chizilgan va shunga hamohang tizilib turibdi.
Muzey gumbazini 2 tonnalik Zumrad deb atalmish qandil yoritib turadi. Unga 500 ta yoritqich o‘rnatilgan. Ular zalning har bir burchagini teng va barobar yoritadi.
Muzeyda Temuriylar tarixiga oid deyarli barcha ma’lumotlarni uchratish mumkin. Undan tarixiy qo‘lyozmalar, noyob kitoblar, asbob-uskunalar, tarixiy liboslar, tasviriy san’at durdonalari o‘rin olgan.
Binodagi har bir eksponat haqida zamonaviy uskunalar orqali ma’lumotlar olish mumkin. Qo‘lingizdagi smartfonni tutib maxsus kodlarni tersangiz, sizga tanlagan eksponatingiz haqida audio, video ma’lumotlar taqdim etiladi. Uni ko‘chirib yoki telefoningizga saqlab olishingiz mumkin.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi Birinchi Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan 1996 yil 18 oktyabrda Sohibqiron tavalludining 660 yilligi munosabati bilan barpo etilgan.
– Temuriylar davrida yurtimizda yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik o‘zining yuksak cho‘qqisiga chiqqan, – deydi muzey ilmiy xodimi Komiljon Yunusov. – Sohibqironning o‘zi bunyodkorlik ishlariga alohida e’tibor qaratgan. Muzeyni barpo etishda ana shu jihatlarga ham diqqat qaratilgan. Uning har bir tabaqasi, eshik, darvozasi, tutqichlari va uning ranglar mutanosibligiga alohida e’tibor qaratilgan. O‘sha davr muhiti va kompozitsiyasini yuzaga keltirishga urinilgan. Muzey yangilanib, eksponatlari yildan-yilga boyib bormoqda. Bugun undagi eksponatlar soni besh mingdan oshdi. Qolaversa, binoga zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan.
Muzey har doim ziyoli va izlanuvchilar bilan gavjum bo‘ladi. Tadqiqotchilar, yosh olimlar bu yerga tez-tez kelib, zarur ma’lumotlarni tekshiradi, tadqiq etadi. Maskanga nafaqat poytaxtimiz o‘quvchilari, qolaversa, viloyatlardan ham maktab bolalari tashrif buyurib, bilimlarini boyitib ketadi.
Hamshaharlarimiz orasida har kuni shu yerdan o‘tib, muzeyga kirmaganlar uchrasa, ajabmas. Yonidan o‘tmagan kishi ham muzey rasmiga deyarli har kuni duch keladi. Televideniyeda, Toshkent metro bekatlarida, ming so‘mlik pul kupyurasi yuzida muzey tasvirini ko‘rish mumkin. Bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha bunday maskanlarga kelib turish ziyon qilmaydi. Zero, turmush tashvishlaridan tolgan, ko‘ngil halovatini xohlagan kishi ruhiyatidagi bo‘shliqlarga rohatni, albatta, tarix haqiqatlarini o‘z bag‘rida asrab kelayotgan muzeylardan topadi.
D.Mamatova, O‘zA