14-fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori Temur va Temuriylar davri tarixiy shaxslarining merosi, faoliyatini o‘rganishda yangi istiqbollarni ochadi.
Shubhasizki, Zahiriddin Muhammad Bobur mazkur sulolaning eng yirik, nomdor, milliy mumtoz adabiyotimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan vakillaridan sanaladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi yoshlar bo‘limi rahbari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi magistranti Faxriddin Nosirjonov bilan Bobur merosi, uning shaxsiyati, ijodi xususida suhbatlashdik.
– Prezidentimizning buyuk Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Temur va Temuriylar davlatchiligida Boburning o‘rni qanday deb o‘ylaysiz?
– Sohibqiron Amir Temur yaratgan davlat tizimi va uning avlodlari hisoblangan Temuriylar sulolasi, Buyuk Turon hamda butun Sharq tarixida ulkan iz qoldirgan. Temuriylar davlati nafaqat siyosiy qudrati, balki ilm-fan, adabiyot va san’atni qo‘llab-quvvatlashi bilan ham mashhur bo‘lgan.
Temuriylarning yorqin vakili, boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur ana shu sulolaning so‘nggi yirik vakili sifatida tarixda alohida o‘rin egallaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur Temuriylar an’analarini davom ettirib, ularni Hindiston hududida yangi bosqichga olib chiqdi. Boburiylar davlati Temuriylar davlatchilik tajribasiga tayangan holda tashkil topdi va keyinchalik Hindiston tarixida eng yirik saltanatlardan biriga aylandi.
Bobur Mirzoning siyosiy faoliyati Temuriylar merosini yangi geografik hududlarda davom ettirish, ularni mahalliy sharoitga moslashtirish bilan ahamiyatli. Shu tariqa, Bobur Temuriylar davlatchiligini Hindiston zaminida qayta tiklab, unga mustahkam asos qo‘ydi.
Prezidentimizning Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi tegishli qarori Amir Temur va Temuriylar davlatchiligi tarixiy merosini chuqur o‘rganish va uni bugungi avlod ongiga singdirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qaror Sohibqironning nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tamaddunidagi o‘rnini qayta baholash, uning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini keng targ‘ib qilishni ko‘zda tutadi.
Temuriylar davlatchiligi tarixida Boburning o‘rni, ayniqsa alohida ahamiyatga ega. Bobur Mirzo Temuriylar sulolasining so‘nggi yirik vakili sifatida Sohibqiron Amir Temur asos solgan davlat an’analarini Hindiston zaminida davom ettirdi. Prezident qarorida belgilangan tadbirlar ellararo ilmiy yig‘inlar o‘tkazish, ilmiy izohli nashrlar, qo‘lyozmalarni qayta tiklash, “Temuriylar davri manbalari” elektron platformasini yaratish kabilarning barchasi Bobur merosini ham chuqurroq o‘rganish va uni jahon ilmiy hamjamiyatiga taqdim etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Amir Temurning raiyatni boshqarishda shariati diniy, huquqi odatiy va tuzuklarga asoslanish lozimligi haqidagi qarashlari “Temur tuzuklari”da keltirilgan. Boburiylar saltanatida Zahiriddin Muhammad Boburning qalamiga mansub bo‘lgan, hanafiylik an’analari asosida yaratilgan “Mubayyin” asari soliq tizimini tartibga solish va iqtisodiy hayotni yo‘lga qo‘yishda asosiy manba bo‘lgan. Saltanatda istiqomat qiladigan hind va boshqa xalqlarning urf-odatlariga ham suyanildi. Bobur Mirzo va boburiy hukmdorlar olib borgan siyosat va davlat boshqaruvi shakli temuriylar davlat boshqaruvi va siyosati shakllariga yaqin bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Prezident qarori Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatini ulug‘lash bilan birga, Temuriylar davlatchiligi, jumladan Bobur Mirzo faoliyatini ham yangicha ilmiy va ma’naviy bosqichda o‘rganish imkonini beradi. Bobur Mirzo Temuriylar an’analarini Hindistonda davom ettirib, ularni yangi tarixiy sharoitda qayta tiklagan bo‘lsa, bugungi kunda bu merosni ilmiy asosda o‘rganish va keng targ‘ib qilish milliy o‘zlikni anglash hamda Uchinchi Renessans jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
– Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining o‘ziga xosligi va betakrorligi ko‘proq nimalarda namoyon bo‘ladi?
– Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat buyuk davlat va siyosat arbobi, mohir sarkarda, balki yirik adib, shoir va tarixchi sifatida ham mashhurdir. Uning barcha asarlari bizgacha yetib kelgan emas. “Boburnoma” memuarining qo‘lyozma nusxalari va zamonaviy nashrlari ham to‘liq bo‘lmay, bir qismi yo‘qolgan. “Asrori musiqiy” (Musiqa sirlari), “Harb ishi” asari ham bizgacha yetib kelmagan. Ammo Bobur Mirzo ixtiro qilgan “Xatti Boburiy” xati hamda “G‘ichchaki Boburiy” nomli musiqa asbobi mavjud bo‘lib, sohaga oid tadqiqotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bobur Mirzoning o‘zi kashf qilgan yozuvda Qur’oni Karimni ko‘chirib, Saudiya Arabistoniga yuborgani manbalardan yaxshi ma’lum. Qur’oni Karimning “Xatti Boburiy” xatida ko‘chirilgan nusxasi hozirda Eron Islom Respublikasining Mashhad shahridagi “Imom Rizo” majmuasida saqlanadi. Undan olingan nusxa professor Zokirjon hoji Mashrabov boshchiligidagi ilmiy ekspeditsiya guruhining Eron Islom Respublikasiga qilgan safarlaridan birida bo‘lib o‘tgan muzokara va kelishuvlar natijasida Andijonga olib kelinib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga va O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Manbalar xazinasi” bo‘limiga topshirilgan.
Bobur Mirzoning serqirra faoliyati va ijodidagi betakrorlik bir necha jihatlarda namoyon bo‘ladi. Jumladan, “Boburnoma” memuari o‘z davrining noyob tarixiy, geografik va elshunoslik manbasi bo‘lib, unda Bobur Mirzo o‘z hayoti, yurishlari, tabiat va jamiyat haqida batafsil yozadi. Asarning samimiyligi, voqealarni bevosita guvoh sifatida tasvirlashi uni betakror qiladi.
Shoirning nazmiy merosi ham ma’lum va mashhur. Bobur Mirzo turkiy va forsiy tillarda g‘azallar, ruboiylar, muxammas va fardlar yozgan. Uning g‘azal va ruboiylarida nafis lirika, insoniy tuyg‘ular, vatanparvarlik va hayotiy kuzatuvlari mujassam. Ma’naviy piri Xoja Ahror Valiyning “Risolayi Volidiya” asarini nazmiy tarjima qilgan. Islom huquqiga doir “Mubayyin dar fiqh” asari ham nazmiy uslubda bitilgan. Allomaning “Devon”i katta hajmda bo‘lmasa-da, boshqa katta hajmli devonlardan ko‘ra ko‘proq shuhrat qozongan.
Bobur Mirzo o‘z asarlarida sodda, ravon va xalqona tilni qo‘llagan. Bu jihat uni boshqa temuriy adiblardan ajratib turadi.
Bobur Mirzo ijodida tarixiy voqealar, geografik tasvirlar va badiiy ifoda uyg‘unlashgan. Bu esa asarlarni nafaqat adabiy, balki ilmiy manba sifatida ham qimmatli qiladi.
Bobur Mirzo o‘z asarlarida o‘zining quvonchlari, iztiroblari, muvaffaqiyatlari va mag‘lubiyatlarini yashirmay yozadi. Bu jihat uni o‘z davrining boshqa hukmdorlaridan farqlaydi. Har bir shaxs va tarixiy voqeliklarga haqqoniy baho bergani bois, haqiqatparvar tarixchi sifatida baholanadi.
Shu bois Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi o‘ziga xos va betakror bo‘lib, u turkiy adabiyot tarixida alohida o‘rin egallaydi.
– Akademiyada boburshunoslik bo‘yicha ham ilmiy izlanishlar olib boriladimi?
– Bugungi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va boshqa ilmiy muassasalarda boburshunoslik alohida yo‘nalish sifatida rivojlanmoqda. Boburshunoslik tadqiqotlari quyidagi bir necha asosiy yo‘nalishda olib borilmoqda.
Jumladan, manbashunoslik yo‘nalishida “Boburnoma” va Zahiriddin Muhammad Boburning adabiy merosi bo‘yicha qo‘lyozmalarni o‘rganish, ularning ilmiy-tanqidiy nashrlarini tayyorlashga e’tibor qaratilmoqda.
Adabiyotshunoslikda Bobur Mirzo badiiyati, uning badiiy uslubi, turkiy adabiyotdagi o‘rni va ta’sirini tadqiq etishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Tarixshunoslik yo‘nalishida Bobur Mirzo davri siyosiy voqealari, Boburiylar saltanatining shakllanishi va rivojlanishini ilmiy tahlil qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Madaniyat va san’at tarixi bo‘yicha Boburiylar davrida Hindiston madaniyati va san’atining yuksalishi, me’morchilik va tasviriy san’atdagi yangiliklar o‘rganilmoqda.
Qiyosiy tadqiqotlar jarayonida Bobur va boshqa temuriy hukmdorlarning ijodi, siyosiy faoliyati va madaniy merosi qiyosiy o‘rganilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar tarixi, ilmiy-ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan umummilliy ilmiy-amaliy yig‘inlar, seminarlar o‘tkazilib, yosh tadqiqotchilarni jalb qilish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Bobur Mirzo merosi ellararo miqyosda ham o‘rganilmoqda.
Chunki uning asarlari turli tillarga tarjima qilingan va dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan qiziqish bilan tadqiq etilmoqda.
“Talabalar teatr studiyasi” tomonidan Primqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani sahnalashtirilib, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda g‘alaba qozonib, yuqori baholandi. O‘zbekiston xalq shoiri, professor To‘lan Nizom so‘zboshisi, Turkiyadagi Kojaeli universiteti profeyessori Munavvar Tekjon xonim, Xalq ta’limi a’lochisi Oydinoy G‘oziyeva taqrizi bilan “Ta’zim” risolasi chop etildi. Bundan tashqari, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi mudiri, dosent Muhabbat A’zamovaning ilmiy maslahatchiligi, professor Ilhomjon Bekmirzayev ilmiy rahbariligida boburiylar davrida yaratilgan islom huquqiga doir “Fatovoyi Olamgiriya” to‘plami asosida “Fatovoyi Olamgiriya” asarining manbaviy asoslari va ilmiy qiymati” mavzusidagi bitiruv malakaviy ishini himoya qilishga muvaffaq bo‘lindi.
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedralarida Bobur va boburiylar tarixiga doir mavzularda kurs ishlari amalga oshirib kelinmoqda. “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Najmiddin Nizomiddinov tomonidan nashr etilgan ilmiy adabiyot va monografiyalarda boburiylar davriga oid muhim ma’lumotlar ochiqlandi, talabalar, ilmiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.
“Bobur va dunyo” jurnalida boburiylar davrida yaratilgan “Tafsirotu-l-Ahmadiya” asari va boburiylar saltanatining huquqiga doir maqolalar e’lon qilindi.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.