Poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda “Temuriylar davrining buyuk siymolari” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Sohibqiron bobomiz Amir Temur va temuriylar saltanati betakror davlatchilikning yorqin namunasi bo‘lishi bilan birga adabiyot, madaniyat, ilm-fan, hunarmandchilik rivojida katta o‘rin egallagani bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi. Aynan shu davrda buyuk allomalar, shoir va musavvirlar, kitobat, xattotlik, me’morlik ilmining bilimdonlari maydonga keldi. Bu davr madaniyatida o‘ziga xos ilmiy-falsafiy yo‘nalishlar bilan birga betakror badiiy-estetik tamoyillar ham shakllandiki, ularni tadqiq etish masalasi bugungi kunga qadar jahon olimlarining diqqat-e’tiborida, ilmiy izlanishlarida ustuvorl ahamiyat kasb etmoqda.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, davrning yetuk olimu ijodkorlari bo‘lgan Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Qoshiy, Ali Qushchi va boshqa olimlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan bo‘lsalar, Sakkokiy, Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod singari ijodkorlar o‘zining betakror asarlari bilan so‘z va tasviriy san’at rivojiga alohida hissa qo‘shdilar. Temur va uning avlodlari davrida Turonzamin madaniy hayotida salmoqli ijobiy siljishlar ro‘y berdi. Uning ravnaqida Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ siymolar, ko‘plab tarixnavislar, musiqa bilimdonlari, me’morlarning ham munosib ulushlari bor, albatta.
Tadbirda Temuriylar davrining buyuk allomalari faoliyati, ijodining o‘ziga xosligi, jahon sivilizatsiyasida tutgan betimsol ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Muzeyda shuningdek, “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlariga ishlangan miniatyuralar” mavzusida ham ko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasida ham Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosiga oid kitoblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
N.Usmonova, O‘zA