Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Temuriylar akademiyasi” – o‘quvchilarning sevimli maskani
15:47 / 2022-01-13

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida joriy o‘quv yilida faoliyat boshlagan “Temuriylar akademiyasi” nodavlat harbiylashtirilgan o‘rta ta’lim muassasasi 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi arafasida yangidan qurib foydalanishga topshirildi.

Uch qavatli ta’lim muassasasining umumiy loyiha qiymati 12 milliard so‘mni tashkil etib, bank kredit mablag‘lari evaziga yangidan qurib bitkazildi. “Temuriylar akademiyasi” da o‘quvchilarning zamonaviy bilim olishlari uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Muassasa 2 milliard 500 million so‘mlik o‘quv qurollari, qattiq va yumshoq mebellar, internet tarmog‘iga ulangan kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan. 630 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu ta’lim dargohida ayni paytda tahsil olayotgan, hozirda qishki ta’tildagi 200 nafar o‘quvchiga 30 nafar malakali pedagog va harbiy bilimga ega ustozlar saboq bermoqda. Aniq va gumanitar fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga iqtisoslashgan mazkur maktabda rus va o‘zbek sinflari mavjud bo‘lib, o‘quvchilarga ingliz tili asosiy xorijiy til sifatida o‘rgatiladi.  

[gallery-5424]

– Maqsadimiz, o‘quvchilarni avvalo vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, har tomonlama yetuk, bilimli, jismonan barkamol avlod etib, yurtimizga sadoqatli o‘g‘il-qizlar qilib kamol toptirishdir, – deydi ta’lim muassasasi direktori Aziza Madjitova. – Maqsadimiz, respublika, xalqaro, Osiyo va jahon miqyosidagi turli sport musobaqalarida maktabimiz yurtimiz nomidan munosib ishtirok etishini ta’minlash.  

Maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari oyiga 800 ming so‘m, yuqori sinf o‘quvchilari 1 million 100 ming so‘mdan oylik to‘lov to‘laydi. Ta’lim muassasasida 150 o‘rinli yotoqxona, shuncha o‘rinli oshxona, kutubxona hamda sport zali va ochiq sport majmuasi ham mavjud. Maktabda  fan, san’at, mehnat va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining mental arifmetika to‘garagi esa hamisha gavjum.  

 

A.Qayumov, 
J.Yorbekov (surat), O‘zA