Faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash ta’lim-tarbiya tizimini tubdan o‘zgartirishni taqozo etadi.
Davlat arbobi Sohibqiron Amir Temurning mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishi inobatga olinib, respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga «Temurbeklar maktabi» nomi berilgan. «Temurbeklar maktabi»da o‘qish davomiyligi ikki yil bo‘lib, har biriga yillik qabul kvotasi 100 kishini tashkil etadi.
«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plagan ballarining 30 foizi, respublikaning boshqa oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda esa 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyozga ega bo‘ladi.
«Temurbeklar maktabi»ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar tarkibida ushbu maktab bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tash natijalari bo‘yicha kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Yo‘ldoshev tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur maktabga nomzodlarni saralash tartibi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Joriy yilda umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktab-internat maktablarining 9-sinfini tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishga yaroqli deb topilgan hamda haqqoniy va shaffoflik tamoyillariga asoslangan saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tgan, erkak jinsli O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari o‘qishga qabul qilinadi. Saralash tanlovi dastlabki tanlash, harbiy-kasbiy tanlov va test sinovlaridan iborat.
IMTIYOZLAR MAVJUD
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq dastlabki va harbiy-kasbiy tanlashdan muvaffaqiyatli o‘tgan ayrim nomzodlar «Temurbeklar maktabi»ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o‘qishga qabul qilinadi.
Unga ko‘ra, belgilangan qabul kvotasi doirasida xalqaro va respublika fan olimpiadalarining g‘oliblari, o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamda jarohatlanish (shikastlanish) natijasida nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv bo‘linmalari xizmatchilarining farzandlari uchun ushbu imtiyozlar qo‘llaniladi.
Shuningdek, kvotadan tashqari, yetim, ota-ona qarovisiz qolgan, ijtimoiy nosog‘lom oilalarda yashayotgan, davlat va jamiyat ko‘magiga muhtoj bo‘lgan, joriy yilda umumta’lim maktablarining 9-sinfini tamomlagan voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining qarorlari asosida mazkur maktabga qabul qilinishi mumkin.
Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga topshirish istagida bo‘lgan fuqarolar harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari bo‘limlariga har yili 1 fevraldan 1 aprelgacha, «Temurbeklar maktabi» ga esa har yili 1 martdan 30 aprel kuniga qadar ariza bilan murojaat etishlari mumkin.
Oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlar tuman tibbiy komissiyasi va harbiy tibbiy komissiyadan o‘tishlari, komissiya xulosasiga ko‘ra yaroqli deb topilganlarida belgilangan tartibda harbiy kasbiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik sinovidan o‘tadilar va test sinovlariga jalb etiladi.
Temurbeklar maktabiga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tuman va viloyat tibbiy ko‘riklaridan o‘tadi. Komissiya xulosasiga ko‘ra yaroqli deb topilganlarida belgilangan tartibda diktant, harbiy kasbiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik sinovi va yakka tartibda suhbat o‘tkazish yo‘li orqali tanlab olinadi.
Muhayyo TOSHQORAEVA, O‘zA