“O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash xamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra hududlarda “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etilgan.
Milliy gvardiya tarkibidagi Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyini har yili 100 dan ziyod o‘quvchilar bitiradi. A’lo baholar asosida qizil diplomga bitirgan o‘quvchilarga Jamoat xavfsizligi universitetiga imtiyoz asosida o‘qishga kirish imkoniyati mavjud.
Ushbu maskanda o‘quvchilar harbiy tartib-qoidalarga rioya qilgan holda ta’lim olib, darslar ikki yo‘nalishda – asosiy va ijtimoiy gumanitar fanlar asosida o‘tiladi.
Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari hamkorligida Islom dini asoslari, huquqshunoslik, Temuriylar davri tarixi va Temur tuzuklari hamda psixologiya fanlari bo‘yicha namunaviy o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari litseyning ikkinchi bosqich o‘quvchilari uchun ikkinchi xorijiy til sifatida xitoy, turk, fransuz, nemis tillari darslikka kiritilgan bo‘lib, yoshlar chet tillarini mukammal o‘zlashtirishga intilmoqda.
Yoshlarning o‘qishdan tashqari vaqtlari mazmunli o‘tishini ta’minlash maqsadida sportning kamondan otish, qo‘l jangi, boks, yengil atletika va voleybol turlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan.
Bugun ushbu maskanda bilim olib, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni istovchi yoshlar juda ko‘p. Xo‘sh, buning uchun ular qayerga murojaat qilishlari kerak?
— “Temurbeklar maktabi”ga o‘qishga kirish uchun yoshlar shahar, viloyat Mudofaa ishlari bo‘limlariga murojaat qilishlari kerak, — deydi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi direktor o‘rinbosari Rustam Fayzullayev. — Bu yerga 3 ta tanlov, ya’ni dastlabki tanlov, harbiy kasbiy tanlov va test sinovlari orqali qabul qilinadi.
Yildan yilga ushbu maskanda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar safi ko‘payayotgani ona Vatan himoyasi, xalq farovonligi, ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarga hurmat oshib borayotganidan dalolat.
N.Rahmonova, O‘zA muxbiri