Jahon tarixida ko‘plab qudratli hukmdorlar mutlaq hokimiyatni faqat behisob sipoh va qilich tig‘ida ko‘rganlar. Biroq Sohibqiron Amir Temur o‘zining o‘tkir zehni bilan bu eski qarashni yo‘qqa chiqardi. U davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash va faqat bir ulushi qilich bilan bajarilishini amalda isbotladi. Bu shunchaki qog‘ozdagi yo‘riqnoma emas, balki yuksak tafakkur namunasi edi. “Temur tuzuklari”da yozilganidek, har bir muhim qaror qat’iy o‘lchovlardan o‘tgan. Natijada saltanat arkonlari muzaffariyat sari puxta taraddud bilan qadam tashlagan.
O‘n to‘rtinchi asrning ikkinchi yarmida Turonda chigallashib ketgan murakkab siyosiy muhit mutlaqo yangicha boshqaruv usulini talab etardi. Temurbek o‘zining ma’naviy piri, ulug‘ shayxulislom Zayniddin Abubakr Toyobodiyning maktubidagi to‘rt asosiy qoidaga qat’iy amal qildi. Ular kengash, mashvarat, qat’iyat va ehtiyotkorlik kabi og‘ir damda qutqaruvchi o‘lmas tamoyillardan iborat edi. Ushbu qat’iy adolat mezonlari qudratli saltanatning asosiy poydevoriga aylandi. Jahongir doimo aqli raso va hushyor kishilarning teran mushohadasini sinchiklab o‘rganib chiqqan. U majlislarda til uchida va yurakdan aytilgan so‘zlarni nozik farosat bilan tezda ajrata olgan. Hukmdor xalqparvarlik ruhidagi har bir halol va jasoratli fikrni diliga joylagan.
Temurbekning buyuk aql-idroki va hayratlanarli sovuqqonligi qonli jang maydonlarida o‘z so‘zini aytgan. Sohibqiron hali davlat tepasiga kelmasidan oldin, Qarshi qal’asi uchun kechgan shiddatli to‘qnashuv buning yorqin dalilidir. Temurbek bor-yo‘g‘i ikki yuz qirq uch nafar sadoqatli va saralangan yigiti bilan o‘n ikki ming otliq yovga qarshi chiqdi. Bu o‘ta xatarli o‘rinda askarlarning ko‘p soni emas, balki har taraflama pishiq tadbir g‘olib keldi. Amir Muso va Malik bahodirning behisob qo‘shini kutilmagan dahshatli zarbadan sharmandali mag‘lubiyatga uchrab, chekinishga majbur bo‘ldi. Temurbekning bunday mardona yurishi mushtumdek kichik qismda ham yengilmaslik tuyg‘usini uyg‘otdi. Oz sonli fidoyi lashkar bilan olamshumul g‘alaba qozonish aynan teran aql mahsuli edi.
Bunday chuqur tahliliy mushohada faqat janggohlarda emas, balki ulkan siyosiy o‘yinlarda ham muvaffaqiyatli qo‘llanilgan. Mo‘g‘ulistonning qudratli hukmdori Tug‘luq Temurxon Sirdaryodan kechib o‘tib, Movarounnahrga bostirib kelganda mahalliy beklar vahima ichida Xuroson tomon qochdi. O‘sha vaqtda yigirma to‘rt yoshda bo‘lgan Temurbek esa yurtni qonli vayronagarchilikdan saqlab qolish uchun siyosiy iroda va vazminlik ko‘rsatdi. U pirining maslahati bilan murosa yo‘lini tanladi va boshini kundaga qo‘yib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tug‘luq Temurxonning qoshiga bordi. Xalifa Ali ibn Abu Tolib ta’kidlaganidek, kamonchining o‘qidan qochib emas, uning o‘ziga yaqinlashib qurolini tortib olish eng oqilona chora edi. Bu bemisl mardlik nafaqat ko‘hna yurtni ayovsiz talon-torojdan asradi, balki Temurbekning siyosiy obro‘sini yuksaltirdi. Chingizxonning jangga chanqoq avlodlari ham uning o‘tkir aqliga va mukammal sarkardalik san’atiga hayrat bilan tan berdi.
“Tuzuklar”da yozilganidek, Jete dashtidagi xavfli isyonni bostirishda ham Temurbek o‘zining benazir va puxta siyosiy tadbirini ishga soldi. U murakkab sharoitda shoshib qolgan Tug‘luq Temurxonga eng to‘g‘ri, ziyonsiz va tahlikasiz yo‘lni aniq ko‘rsatib berdi. Oqibatda qudratli yov betalofat tor-mor keltirildi va ulkan mintaqada uzoq kutilgan barqarorlik o‘rnatildi. Sohibqiron biron katta ishga kirishishdan oldin undan xavfsiz qutulib chiqish yo‘llarini ham aniqlik bilan belgilab qo‘yardi. Bunday murakkab vaziyatlarda ruxsatnomai oliy olish uchun barcha umarolar doimo uning donishmandlik maslahatiga muhtoj bo‘lgan. Uning bu noyob xususiyati bugungi kunning shiddatli siyosiy sharoitlarida ham ulkan amaliy ahamiyatga ega. Davlatni boshqarishda qarorlarning uzoqni ko‘zlab qabul qilinishi farovonlik, bunyodkorlik va millat taraqqiyotining kafolatidir.
Ota-bobolarimiz avlodlarga qoldirgan bu o‘lmas va boy tajriba o‘zbek davlatchiligi tarixining bir sahifasidir. Olamshumul muzaffariyat hech qachon osmondan o‘z-o‘zidan tushmagan, u doimo mashaqqatli mehnat va teran tafakkurning mahsuli bo‘lib kelgan. Oliy maqsad yo‘lida mardonavor qo‘yilgan har bir qadam butun millatning tomiriga quvvat bag‘ishlaydi. “Temur tuzuklari”dagi har bir temir qoida milliy ruhiyatni yuksaltiruvchi va kelgusi avlodlarni abadiy shon-shavkat sari undovchi bebaho ma’naviy manbadir. Bugungi va kelajak avlod ushbu sharafli zafarnoma sahifalaridan doimo chuqur va hayotiy ibrat oladi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA