Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Temiryo‘l stansiyalari va vokzallar nomlari o‘zbek tiliga mos ravishda qayta nomlanadi
17:26 / 2025-10-20

Joriy yil 17 oktyabrda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli temiryo‘l vokzali, temiryo‘l stansiyasi va temiryo‘l raz’ezdi nomlarini davlat tili qoida va me’yorlari asosida qayta nomlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga binoan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va Transport vazirligi 3 oy ichida respublikadagi 320 ta temiryo‘l ob’ekti — vokzal, stansiya va raz’ezdlar nomlarini davlat tili me’yorlariga muvofiq lotin yozuvida qayta tartibga keltiradi. 

Bundan ko‘zlangan maqsad temir yo‘l tarmog‘ida yagona til standartini joriy etish va o‘zbek tilining nufuzini kengaytirishdan iborat. Barcha peshlavhalar, axborot belgilardagi yozuvlar va rasmiy hujjatlardagi nomlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga mos tarzda yangilanadi. 

Qarorga ko‘ra, 3 oy ichida yangi nomlar barcha ob’ektlarda qo‘llanilishi talab etiladi. O‘zgartirilgan nomlar ma’lumotlar bazalariga kiritiladi, huquqiy hujjatlar, rasmiy yozuvlar moslashtiriladi. 

O‘zgarishlar orqali davlat tilining imkoniyatlari kengaytiriladi va yozuv ham bir-butun shaklga keltiriladi. Shuningdek, temiryo‘l tarmog‘i tomonidan foydalaniladigan nomlar xalqaro hamda mahalliy aloqalarda aniqlik kiritadi. 

Sh.Mamaturopova, O‘zA