Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Temiryoʻllar vodiy viloyatlarini birlashtiradi
10:30 / 2020-08-30

Namangan – Andijon temir yoʻlining elektrlashtirilishi vodiy halqa temir yoʻlida elektropoyezdlar harakatlanishiga imkon yaratdi.


Namangan – Andijon temir yoʻlining elektrlashtirilishi vodiy halqa temir yoʻlida elektropoyezdlar harakatlanishiga imkon yaratdi.

Qayd etish kerakki, bu loyiha Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi bayramiga "Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati quruvchi-mutaxassislarining vodiy aholisiga munosib sovgʻasi boʻldi.

Fargʻona vodiysidagi halqa temir yoʻlini elektrlashtirish loyihasining uchinchi bosqichi boʻlgan 100,6 kilometr masofaga ega Namangan – Andijon temir yoʻlida elektrlashtirish ishlari tugatildi.

Natijada umumiy uzunligi 331,6 kilometrlik vodiy halqa temir yoʻli toʻliq elektrlashtirilib, yuk va yoʻlovchi elektr poyezdlarining harakatiga imkoniyat yaratildi.

Vodiy temir yoʻllarining toʻliq elektrlashtirilishi yuk va yoʻlovchi tashish sifatini oshirish, tezyurar poyezdlar qatnovini shakllantirishda oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, dizel yoqilgʻisida harakatlanayotgan teplovozlar oʻrnini endi zamonaviy elektrovozlar egallaydi.

Yurtimizning sharqiy qismidagi uch viloyatni (Namangan, Andijon va Fargʻona) temir yoʻl orqali bogʻlagan ushbu halqa temir yoʻlini elektrlashtirish ishlari belgilangan rejaga koʻra bosqichma-bosqich sifatli va ishonchli bajarildi. Birinchi bosqichda elektrlashtirish ishlari Pop shahridan boshlanib, Qoʻqon, Margʻilon, Asaka hamda Andijon hududlarigacha boʻlgan yoʻnalishlarda ishlar amalga oshirildi. Ushbu uchastkaning uzunligi 186 kilometr boʻlib, 2016-yilda foydalanishga topshirilgan.

photo_2020-08-30_10-25-41.jpg

2019-yil ikkinchi bosqichda uzunligi 45 kilometr boʻlgan Pop – Chust – Toʻraqoʻrgʻon – Rauston – Namangan oraligʻida elektrlashtirish ishlari bajarilgan edi. Va nihoyat soʻnggi bosqichda Namangan – Andijon uchastkasini elektrlashtirish ishlari jadal suratlarda olib borilib, qisqa fursatda yakuniga yetkazildi. Mazkur yoʻnalishning uzunligi 100,6 kilometrni tashkil etadi. Soʻnggi bosqichda bajarilgan sifatli ishlar natijasida vodiy halqa temir yoʻli toʻliq elektrlashtirildi. Kelgusida “Pop – Namangan – Andijon” uchastkasida kontakt tarmogʻiga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida Fransiya davlatidan zamonaviy 2 ta drezina va 2 ta maxsus xizmat avtomoshinalari keltirildi.

Bugun erta tongda vodiy halqa temir yoʻli boʻylab dastlabki yoʻlovchi elektrpoyezdining yangi barpo etilgan Namangan temir yoʻl vokzalidan dastlabki harakati yoʻlga qoʻyildi. Uning ilk yoʻlovchilari Namangan vokzalidan qoʻzgʻaldi.

– Angren - Pop yoʻli elektirlashgandan keyin odamlarning qatnashi uchun qator qulayliklar boʻldi, – deydi mehnat faxriysi Olimjon Rahmatov. – Yengil mashinada Toshkentda vodiyga borib kelish katta yoshli insonlar uchun qiyinroq edi. Endi ancha yengil boʻldi. Narxi ham arzon, yoʻl ham bexavotir.

Elektropoyezd besh soatdan ortiq vaqtda Andijon, Margʻilon hamda Qoʻqon vokzallaridan oʻtib, aylanib yana Namangan vokzaliga qaytib keladi. Ushbu yoʻnalishdagi poyezdlarning doimiy qatnovi Qoʻqondan harakatlanib, Pop, Namangan, Andijon hamda Margʻilon vokzallaridan oʻtib yana Qoʻqon vokzaliga keladi.

Ushbu uch bosqichli loyihaning toʻliq elektrlashtirilib, foydalanishga topshirilishi natijasida Fargʻona vodiysi halqa temir yoʻli boʻylab tezkor elektropoyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa vodiy shaharlari va mamlakatimizning boshqa hududlari bilan temir yoʻl orqali ishonchli bogʻlanishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.