French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Temirchi” ustani “metalchi” usta deymizmi?
14:05 / 2020-10-19

Jahon arxitekturasida peshqadam oʻrinlarni egallagan oʻzbek meʼmorlarining yaratgan tarixiy yodgorliklari oʻzbek tilidagi qurilish va arxitektura atamalari zaxirasining boyligidan darak beradi.


Oʻzbek diyorining har bir burchagi zaminida ming yillar muqaddam arxitektura - meʼmorchilik sanʼati va qurilish yoʻnalishidagi tariximizni boyituvchi yodgorliklarni bunyod etgan mohir ustalarni kasbiy soʻzlar xazinasini oʻrganish, tahlil qilish va hozirgi zamonaviy oʻzbek tili atamalar lugʻatini boyitish, darhaqiqat davr talabi ekanligini anglash katta ahamiyatga ega.

Jahon arxitekturasida peshqadam oʻrinlarni egallagan oʻzbek meʼmorlarining yaratgan tarixiy yodgorliklari oʻzbek tilidagi qurilish va arxitektura atamalari zaxirasining boyligidan darak beradi.

Samarqanddagi Bibixonim, Shohi-Zinda, Sherdor madrasasi, Buxoro hijratlari, Xiva va Shahrisabzdagi betakror arxitektura yodgorliklari dunyo mutaxassislari va sayyohlarini hayratga solmoqda. Barcha bilishi lozim boʻlgan jihat shuki, Ona tili shunchaki soʻzlashuv vositasigina emas, balki Vatanga muhabbat, milliy iftixor, ajdodlarga hurmat va shuning barobarida avlodlarimizga izzat ramzi hamdir.

Farzandlarimizning buyuk ajdodlarimiz singari olamga mashhur insonlar boʻlib yetishmogʻini chin yurakdan istaymiz. Ularning yorqin kelajagi yoʻlida har qanday mushkulotlarga koʻksimizni tutamiz. Bugungi kunda jondan aziz farzandlarimizning boshqa tilli maktablarda tahsil olishini istayotganliklari ham tahsinga loyiq.

Olamshumul maqsadlar yoʻlidagi bu urinishlar balki maʼlum maʼnoda oʻzini oqlar, ammo oʻz ona tilini mukammal qoyillatib oʻrganmagan, taʼbir joiz boʻlsa, soʻzlarimiz sehrini his qilmagan, oʻzaro aytib turgan gapining teng yarmini esa boshqa tildagi “olifta soʻzlar” egallagan yoshlarning yutuqlari bizning milliy ravnaqimizga ulush boʻlib qoʻshila olarmikan?!

Tarixda oʻzbek zaxirasi, yaʼni qurilish va arxitektura yodgorliklariga boy oʻlkaning milliy atamalari boyligi ham beqiyosdir. Mana shunday qurilish va arxitektura atamalariga boy zaxiraga ega boʻlgan oʻzbek tili soʻzlari boʻla turib, mustabid davrida oʻrganib qolgan atamalarni oʻquvchilarimizga oʻrgatsak toʻgʻri boʻlarmikan?!

“Oʻzaro aloqalarning kengayishi tilni boyitadi” degan edi, buyuk faylasuf Demokrit. Ayniqsa, hozirgi kunda aloqalar tez suratlarda kengaygani sari ona tilimiz yangi soʻz va atamalar hisobiga boyib bormoqda.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jarangdor va ming yillik tarixga boy boʻlgan ona tilimizda BMT da soʻzlagan maʼruzalari barchamizni cheksiz faxrlantirdi.

Qadimda ota-bobolarimiz qurilish texnikasidan yaxshi xabardor boʻlishlari barobarida, boshqa xalqlar tajribasini xam puxta oʻzlashtirganliklaridan dalolat beradi. Oʻtmishda ajdodlarimiz qurgan osmonoʻpar minoralar, ming yillar naridan bizgacha yetib kelgan barcha qurilish ashyolari, Shahrisabzdagi Oqsaroy va uning tomiga qurilgan hovuz konstruksiyalari, hatto Fapb quruvchi va olimlarini ham hayratga solgan va solmoqda. Shunday ekan, texnika sohasidagi tarixiy atamalar bilan keng omma tanishtirilsa va hozirgi ayrim baynalminal atamalarni oʻrnida ishlatsak, qurilishga doir tariximizni oʻrganish qatorida u qanchalik boy ekanligidan oʻquvchilarni xabardor qilgan boʻlamiz.

Shu oʻrinda, taniqli oʻzbek olimlarining texnika yoʻnalishidagi haqiqiy oʻzbek atamalarini boyitishda qilgan ishlarini alohida taʼkidlash kerak.

Jumladan, barcha xomashyolarni turli texnologik jarayonlarda qayta ishlanib olingan mahsulotlarni “ashyo” deb atalishi koʻpchilik olimlar tomonidan tavsiya etilgan. Shuningdek, “stroitelnыye materialы” kabi ruscha atamalar “qurilish ashyolari” deb yuritilishi Oʻzbekiston standartlari va lugʻatlarida ham qayd etilgan.

“Material” soʻzini ikki maʼnoda tushunmoq lozim. Birinchisi, ushbu atamani “ashyo” maʼnosida oʻzlashtirib olish kerak. Chunki, barcha tabiiy hom-ashyolarni, qayta ishlab olingan mahsulotlarni “ashyo” deb atash kerak boʻladi. Qolganlarini esa “material” desa boʻladi. Masalan, poligrafiya materiallari, soʻroq materiallari, ijodiy materiallar va h.k.

“Homashyo” – “Hom” edi, uni kuydirdik, maydaladik, kesib pardozladik keyin u “pishdi”, “xom”ligi qolmadi “ashyo” boʻldi. Bu atamani hamkasblarim va aksariyat talabalar bilan obdon sinchiklab muhokama qilganimda “ashyo” soʻzi toʻgʻri va osongina tushunarli ekanligini taʼkidlashdi.

Fikrimizcha, “metall v stroitelstve”, “metallovedeniye”, “metallicheskiye konstruksiy” soʻzlari ham “temir ashyolari”, “temirshunoslik”, “temir konstruksiyalar” deb atalsa, ilmiy tomondan toʻgʻri boʻladi. Metal deganda tarkibi 5 % temir moddasi boʻlgan tilla, alyumin, bronza kabi bir moddadan tashkil topgan boʻlishi kerak. Temirda esa metal miqdori 5% dan oshmasligi kerak.

Shu oʻrinda bir mulohaza. “Temirchi” ustani “metalchi” usta deb boʻlmaydi. Albatta, “metall” atamasi xalq orasida koʻp ishlatiladigan soʻz. Barcha qomus va lugʻatlarda temirni “metall”, metallni esa “temir” deb oʻquvchini chalgʻitishga yoʻl qoʻyyapmiz. Texnikaga doir adabiyotlar, radio va televideniyedagi eʼlon va reklamalarda ham koʻplab notoʻgʻri atamalar ishlatiladiki, ularni eshitib taajjublanasan, kishi.

Respublikadagi barcha arxitektura va qurilish yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalar, kasb-hunar oʻquvchilari asosan birinchi marta oʻzbek tilida yozilgan kitoblarimdan saboq olmoqdalar. Bu yerda nafaqat “ashyo” atamasi, qolaversa “temir”ni nooʻrin jumlalarda “metall” deb atalishi, “sopol”ni “keramika”, “tuproq”ni “grunt”, “issiqlikni kam oʻtkazadigan ashyo”larni “issiqlik izolyatsiya materiallari” kabi chalkash atamalar oʻquvchini fanni oʻzlashtirishida chalgʻitadi. Kulliyotmi-fakultetmi, oliygohmi yoki institutmi, injenermi yoki muhandis kabi atamalar ham saralash jarayonida ekanligi bizga maʼlum.

Ammo, hozirga kelib qurilishning barcha sohalari, xususan qurilish ashyolari, sanitariya-texnika, yer osti qurilishi, oddiy va fazoviy qurilish yechimlari texnologiyasiga doir yoʻnalishlarda oʻzbekcha atamalar ustida ishlash, texnika yoʻnalishiga doir soha mutaxassislarining suhbatlari yoki seminarlari tashkil etilmayotganligini, tilimizning sofligini taʼminlashga doir izlanishlar olib borishi davr taqozosi ekanini unutmasligimiz zarur. Bu “oʻrganib qolgan” atamalarni koʻr-koʻrona, tahlilsiz almashtirish kerak degani emas, albatta. Faqatgina har bir atamani chuqur tahlil qilib, oʻquvchi bir soʻzda tushunadigan, ilmiy asoslangan holda amaliyotga tavsiya etish kerak boʻladi.

Atamalar xalq orasida har xil soʻzlar bilan ishlatilishi mumkin.

Bu qonun bilan chegaralanmagan. Ammo, bunday atamalarga oʻrganib qolganmiz deb ming yillar davomida ota-bobolarimiz ishlatib kelgan atamalarni qoʻllamaslik ona tilimizga boʻlgan mehrni yoʻqotganimizdan darak beradi.

Yuqoridagilarni tahlil qilgan holda davlat korxonalari, ayniqsa xalq taʼlimi va oliy oʻrta-maxsus taʼlim oʻquv yurtlariga fan rejalarini tasdiqlashda hamda radio-televideniyada boʻladigan arxitektura va qurilishga doir suhbatlarda sof oʻzbek tilida yozish va soʻzlashni taʼminlash va uni bajarilishini nazorat qilish millatimizning yana-da madaniyatli va ongli boʻlishiga xizmat qilgan boʻladi, fikrimcha.

Erkin Umarali oʻgʻli-TAQI,
Texnika fanlari doktori, professor,
Oʻzbekiston fan arbobi,
Xalqaro muhandislar akademiyasi muxbir aʼzosi.