Prezidentimiz farmoniga binoan 2017 yildan buyon yurtimizda avgust oyining birinchi yakshanbasi Temir yo‘l transporti xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Shu kuni mazkur soha vakillari mehnati alohida e’tirof etilib, sana munosabati bilan turli tadbirlar tashkil qilinadi. Eng muhimi, Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan tabrigi bizga kuch bag‘ishladi, shijoatimizga shijoat qo‘shdi.
Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan dunyo bozoriga yangi yo‘llar ochish, ichki yo‘llarni bir-biri bilan tutashtirish, mamlakatimizni boshqa mintaqalar bilan bog‘laydigan zamonaviy transport kommunikatsiyalari barpo etish dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
Asosiy e’tibor yangi temir yo‘llarni qurish, mamlakatimizning yagona va yaxlit temir yo‘l tizimini barpo etishga qaratildi. Amudaryo uzra avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prikni o‘z ichiga olgan Navoiy-Uchquduq-Sulton Uvaystog‘-Nukus temir yo‘lining barpo etilishi bu boradagi dastlabki qadam bo‘ldi.
Keyinroq “asr mo‘’jizasi” deya nom olgan noyob inshoot — Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Ushbu bunyodkorlik inshooti mamlakatimizda yagona milliy temir yo‘l tizimini yaratishning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi. O‘zbekiston temiryo‘lchilari tomonidan Afg‘oniston tarixida ilk bor “Hayraton — Mozori Sharif” temir yo‘li bunyod etildi. Markaziy Osiyo mintaqasida eng birinchi bo‘lib yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, mustaqillik yillarida 2 400 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘l barpo etilib, mavjud temir yo‘llarning 3 ming kilometrdan ziyodi elektrlashtirildi va 1 100 kilometr qismi qayta tiklangandi.
Qolaversa, tarmoqning sanoat korxonalarida vagon-sisternalar, yopiq va boshqa turdagi maxsus vagonlar, eng zamonaviy yo‘lovchi tashish vagonlari qurish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egallamoqda. Zero, mamlakatimiz magistral temir yo‘l tarmoqlari orqali Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni birlashtiradigan katta transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatga ega.
Temir yo‘l, bu — iqtisodiyotimizning qon tomiri, ya’ni mintaqalarimizdagi mavjud mineral xomashyo va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish, yo‘lovchilarni tashishda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Toshkent metrosi qurilishini davom ettirish yuzasidan 2017-2020 yillarda umumiy qiymati 295 million dollar davlat byudjeti, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan uzunligi 10 kilometrdan iborat 8 ta stansiyani o‘z ichiga olgan 2 ta loyihani ishlab chiqish ta’minlandi.
Xalqimizning hayot sifatini oshirish, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan ulkan loyihalar birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda. U ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik jihatdan ulkan ahamiyatga ega. Masalan, Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li aksar hollarda tirband bo‘ladi. Oqibatda yoqilg‘i sarfi ortib, atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqadi. Odamlar manziliga kechikib, asabiylashadi. Yangi yerusti metrosi esa aholiga juda katta qulaylik yaratdi. Sergeli yo‘nalishini Qo‘yliq yo‘nalishi bilan bog‘lash, yerusti metrosining keyingi bosqichlarini qurish bo‘yicha ishlar ham jadal davom etmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq 2017 yildan boshlab avgust oyining birinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni” deb belgilandi va bu kunni sohaga mos tarzda, tantanali ravishda o‘tkazib borilishi belgilandi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz temir yo‘l tizimida uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiya asosida tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, “Buni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganidan buyon yuk va yo‘lovchi tashish hajmi 2 barobardan ziyod ko‘paygani, 1,6 milliard tonna yuk tashilib, 380 million nafar yo‘lovchi manzilga yetkazilgani ham yaqqol tasdiqlaydi”.
Bugungi kunda O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egalladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining ko‘p millatli jamoasi temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarini rivojlantirish, takomillashtirish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini ta’minlash borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.
Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdlari poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnamoqda.
Bu elektropoyezdlar qisqa muddatda xalqimiz va xorijiy mehmonlarning e’tibori va ishonchini qozondi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan harakatlanadigan tarkibni zamonaviy, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan ta’minlash hamda modernizatsiya qilish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda. Jahon standartlari talablariga javob beradigan yangi temir yo‘l vokzallari qurildi va deyarli barcha stansiyalar xalqaro sifat standartlari talabiga munosib yuqori texnologiyalar bilan jihozlandi.
Temiryo‘lchilarimiz uzog‘imizni yaqin qiladigan ravon yo‘llar, Toshkent shahrida va boshqa hududlarda o‘nlab zamonaviy ko‘priklar qurib, Vatanimiz obodligiga munosib hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, temir yo‘l sohasi ishchi-xodimlarining “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida ijtimoiy sohada, xususan, tabiiy sharoiti, iqlimi og‘ir hududlarga toza ichimlik suvi yetkazib berish, qishloq va mahallalarni obod qilish, xalqimiz farovonligini oshirish, arzon uy-joylar, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport maskanlarini barpo etish yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlari ham yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda temir yo‘l sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratsak.
O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘ining kelajagi avvalo, sohaga zamonaviy bilimga ega, ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, Vatanga mehr bilan yashaydigan yosh mutaxassislarni keng jalb etish bilan bevosita bog‘liqdir.
Yurtimizdagi temir yo‘l kasb-hunar kollejlari, akademik litsey va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini har yili 3 mingdan ziyod yosh mutaxassislar tamomlab, yo‘llanma olayotgani kelgusi taraqqiyoti uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayni vaqtda Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, oldimizda yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirish bilan bir qatorda, hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, boy mineral-xomashyo resurslarini kompleks o‘zlashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tarmoq korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash va aholining ko‘mir mahsulotlariga tobora o‘sib borayotgan talabini qondirishga yo‘naltirilgan investitsiyaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish kabi muhim vazifalar turibdi.
Ishonchimiz komilki, tizimdagi 90 mingdan ziyod yuqori malakali, o‘z kasbiga sadoqatli, fidoyi va ilg‘or temiryo‘lchilar jamoasi bu vazifalarni chuqur his etgan holda o‘zlarining bor bilim, malaka va kuch-g‘ayratini safarbar etadilar.
Toshpo‘lat Matibayev, faxriy temiryo‘lchi