Qashqadaryo viloyati Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli binosining majlislar zali bu safar har kungi ish rejalari muhokama etiladigan joyga emas, balki odil sudlov jarayoni o‘tkaziladigan maydonga aylandi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar jam bo‘lib, hamkasblari sodir etgan jinoyat yuzasidan o‘tkazilayotgan sayyor sud majlisida qatnashdi. Bu uchrashuv nafaqat oddiy jinoyat ishini ko‘rib chiqish, balki barchaga saboq bo‘ladigan chora-tadbir sifatida tashkil etildi.

Sudga raislik qilgan shaxs majlis avvalida temir yo‘l sohasida sodir etilayotgan jinoyatlar tahliliga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, bu galgi ish ayrim rahbar va mas’ul xodimlarning o‘z vakolatlaridan tashqariga chiqib, shaxsiy manfaat yo‘lida qanday xatoga yo‘l qo‘yganini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Qarshi harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadining boshlig‘i o‘rinbosari hamda ushbu otryad xodimi birgalikda ishga kiritish bahonasida firibgarlik jinoyatini sodir etgan. Joriy yil may oyida ular Qarshi tumanining Qoratepa mahallasida yashovchi tanishining xonadonida mehmon bo‘lib, uning o‘g‘lini ichki ishlar tizimi yoki qo‘riqlash otryadiga ishga joylashtirish imkoniyati borligini aytgan. Buning evaziga 4500 AQSH dollari talab qilishgan. 13 iyun kuni ular so‘ralgan pulni olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.

Sud majlisi davomida ma’lum bo‘lishicha, ularning ishga joylashtirishga haqiqiy vakolatlari bo‘lmagan. Shunga qaramasdan, ular odam ishonchi va ish izlayotganlar ehtiyojidan foydalanishga uringan.
Sud tomonidan barcha dalillar, himoya va ayblov tomoni fikrlari atroflicha muhokama qilinganidan so‘ng, sudlanuvchilarga nisbatan hukm e’lon qilindi. Unga ko‘ra, ular ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi. Shu bilan birga, har oylik ish haqining 20 foizi davlat daromadiga undiriladi va 1 yil mobaynida mansabdorlik lavozimlarida hamda moddiy javobgarlikka ega vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu sayyor sud nafaqat jazo tayinlash, balki sohada ishlayotgan har bir xodimga aniq signal berish maqsadini ko‘zladi: davlat xizmatida ishlash mas’uliyat, halollik va qonuniylikni talab qiladi. Bir necha daqiqalik “omad” izlash bilan butun faoliyat yo‘lini tugatish va obro‘ni yo‘qotish mumkin. Shuning uchun har bir xodim har qanday vaziyatda ham qonunni ustuvor bilishi, shaxsiy manfaatni umummanfaatdan ustun qo‘ymasligi zarur.
O‘lmas Barotov, O‘zA