Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat xavfsizligi buzilishlari bo‘yicha barcha hodisalarni hamda harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlarining sabablari, oqibatlarini va ushbu hodisalarda aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlash, shuningdek, kelgusida harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlari kelib chiqishini oldini olish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Firdavs Xayriddinov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hududda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalar sodir bo‘lgan temir yo‘l transporti sub’ektlari yoki metropoliten mas’ul xodimlari mavjud aloqa vositasi (telefon, telegraf va boshqa aloqa vositalari) orqali tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlarni hamda harakatdagi tarkib va yuk manfaatdori yoki egalarini sodir bo‘lgan hodisa haqida darhol xabardor qilishlari lozim.
Qayd etilishicha, belgilangan qonunchilikka ko‘ra, harakat xavfsizligi buzilishi holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvini tashkil etishda davlat organlari va idoralarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash, harakat xavfsizligi buzilishi holatlarini xolisona tasniflanishini ta’minlash, davlat organlari tomonidan temir yo‘l transporti va metropolitenda sodir bo‘lgan harakat xavfsizligi buzilishi holatlari hisobini yuritish va harakat xavfsizligi buzilishi holatlari sabablarini aniqlash kabi vazifalar belgilab berilgan.
Shuningdek, sodir bo‘lgan holatlarning ko‘lamidan kelib chiqib, vazirlik komissiyasi, temir yo‘l transporti sub’ekti komissiyasi va metropoliten komissiyasi tuziladi. Komissiyalar o‘z vakolati doirasida xizmat tekshiruvini tashkil qilish hamda yakuniy xulosa berish yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Harakat va tashishlar xavfsizligi buzilishlarining oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, jabrlangan shaxslarga tegishli yordam ko‘rsatish, temir yo‘l transporti (metropoliten) harakatini tiklash, harakatdagi tarkibning, temir yo‘l transporti yoki metropoliten infratuzilmasi ob’ektlarining amaldagi holatini temir yo‘l transporti yoki metropolitendan foydalanishni, shuningdek, harakat va tashishlar xavfsizligini tartibga soluvchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash kabi ishlar komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati o‘n besh ish kunidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Ekspertiza va tekshiruv materiallari asosida temir yo‘l transporti sub’ekti yoki «Toshkent metropoliteni» DUK tomonidan harakat xavfsizligining buzilishi bilan bog‘liq yo‘l qo‘yilgan hodisalarning qayta takrorlanmasligini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilish to‘g‘risidagi hisobot o‘ttiz ish kunidan oshmagan muddatda tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasiga taqdim etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA