French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Temir yo‘l sohasini rivojlantirishning istiqbollari ko‘rib chiqildi
16:35 / 2024-04-17

Toshkent davlat transport universitetida “Temir yo‘l harakatlanuvchi tarkibi: muammolar, yechimlar, istiqbollar” mavzusida uchinchi xalqaro ilmiy-texnikaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda temir yo‘l sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, temir yo‘l sohasi iqtisodiyotimizning qon tomiri hisoblanadi. Mamlakatimizning barcha hududlarini yagona temir yo‘l transporti tarmog‘i orqali birlashtirib, mintaqamizdagi mavjud mineral xomashyo va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish, eksportni oshirish shuningdek, yo‘lovchilarni tashishda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. 

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham barcha transport turlarini uzviy bog‘lagan holda yagona transport tizimini rivojlantirish, yirik shaharlar o‘rtasida kunlik transport qatnovlari asosida manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyatini yaratish borasida vazifalar belgilangan. Shuningdek, transport va logistika xizmatlari bozori va infratuzilmasini rivojlantirish, temir yo‘l infratuzilmasini elektrlashtirish darajasini 60 foizga yetkazish va avtomobil yo‘llari tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha muhim ishlar olib borilmoqda. 

– Ushbu vazifalarni ilmiy asoslangan holda bajarish va yechimlarini topish maqsadida universitetga 15 dan ortiq mamlakatdan 35 dan ziyod ishlab chiqaruvchi korxonalar, oliy o‘quv yurti va ilmiy markazlaridan 100 ga yaqin soha mutaxassislari va yetuk olimlar jalb etilgan, — deydi Toshkent davlat transport universiteti kafedra mudiri Rustam Rahimov. — Qolaversa, Prezidentimizning yuk vagonlarini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan Quyuv-mexanika zavodi hamda Toshkent yo‘lovchi vagonlarini ko‘rish va ta’mirlash zavodlariga tashriflari chog‘ida mamlakatimizda vagonsozlik sohasini rivojlantirish, zamonaviy yuk va yo‘lovchi vagonlarini ishlab chiqarish, yangi metro va elektr poyezdlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha bir qator vazifalar qo‘ydi. Asosiy maqsad birlashgan holda harakatlanuvchi tarkibni yaratish, ularni ta’mirlash va ulardan foydalangan holda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishdan iborat. 

Anjumanda mamlakatimiz va xorijiy davlatlar o‘rtasida mazkur sohada o‘zaro amaliy hamkorlik o‘rnatish muhokama etildi. Mazkur tadbir temir yo‘l transporti tizimini takomillashtirishda ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda mamlakatning iqtisodiy tarmoqlari va logistika tizimini qo‘llab-quvvatlash orqali xorijiy investitsiya oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi. 

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohada zamonaviy harakatlanuvchi tarkibini loyihalash, ta’mirlash va takomillashtirishdagi muammolarni tahlil qilish va yechimini izlash, temir yo‘l sohasini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlashdan iborat. 

Tadbir davomida ishtirokchilar yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr tarkib, motorvagonli va maxsus harakatlanuvchi tarkib, lokomotivlar, vagonlar, harakatlanuvchi tarkib dinamikasi, mustahkamligi va ishonchliligi, harakatlanuvchi tarkib xavfsizligi, mehnat va atrof-muhit muhofazasi, raqamli transformatsiya va transportda ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar borasida fikr almashdi. Zarur yechimlar taklif qilindi. 

Konferensiya yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz temir yo‘llarini yanada rivojlantirish, harakat xavfsizligini oshirish, harakatlanuvchi tarkib parkidan samarali foydalanish hamda soha istiqbolini belgilashga qaratilgan kelishuvlarga erishildi. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA