Mana bir necha yildirki, yurtimizda avgust oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelinadi.
Ma’lumki, har qanday davlat taraqqiyotida temir yo‘l sohasi muhim rol o‘ynaydi. O‘zining boy tarixiga ega bo‘lgan bu soha O‘zbekistonda ham jadal rivojlanmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham temir yo‘l sohasi yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Temir yo‘l transporti bo‘limi boshlig‘i Zafar Sayemov O‘zA muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Kombinat turli hududlarda 2 ta temir yo‘l transporti boshqarmasi va 1 ta temir yo‘l sexiga ega bo‘lib, 54 ta zamonaviy teplovozi, 890 ta turli xil vagonlari, korxona balansida bo‘lgan 433 kilometrlik temir yo‘liga ega. Birgina, joriy yilning birinchi yarim yilligida po‘lat izlar orqali 38,5 million tonnadan ortiq har xil turdagi yuklar, 15,3 ming nafar yo‘lovchi tashishga erishildi. Ayni paytda umumiy hajmdagi ma’dan tashishning aksariyat qismi temir yo‘l transporti hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Har bir soha taraqqiyoti qo‘llab-quvvatlashga bog‘liq. Biz mehnat qilayotgan kombinatda ham sohamizga alohida e’tibor qaratilgan. Buning natijasida temir yo‘l tarmog‘i jadal rivojlanib, soha fidoiylari mehnati qadr topib, bu rag‘bat ularni yangi marralarga chorlamoqda.
Kombinat tarixida ilk bor jamoa kuchi bilan “Turbay”, “Balpantov” va “Tomdibuloq” konlarini gidrometallurgiya zavodlari bilan bog‘lovchi 82,6 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyalari qurildi. Respublikamizda birinchilardan bo‘lib “2TE25KM” rusumli 10 ta zamonaviy ikki seksiyali teplovozlar olib kelindi. Bularning barchasi sohani yangi bosqichga olib chiqish, uning zamonaviy industriyasini yaratish, mablag‘larni iqtisod qilish, yuk va yo‘lovchi tashish sifatini tubdan yaxshilashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Joriy yilda yangi liniya va bekatlar qurish, vagonlarini yangilash maqsadida “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash” zavodida ishlab chiqarilgan 15 ta yo‘lovchi tashish vagonlari sotib olindi. Bundan tashqari, Markaziy kon boshqarmasi temir yo‘l transporti boshqarmasida yo‘llarni saqlash xizmati tarkibida yo‘llarni kapital va o‘rta ta’mirlash uchastkasi tashkil etilishi esa xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, mablag‘larni iqtisod qilish imkonini bermoqda.
Shuningdek, tizimda qator loyihalar amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 4-yuklash punkti, Sharqiy ohak temir yo‘l stansiyasiga qo‘shimcha yo‘l qurish, 5-ma’dan qabul qilish punkti, “Karernaya” stansiyasiga qo‘shimcha temir yo‘llarni qurish, yo‘lovchi tashish poyezdi marshrutini “Yangi-Zarafshon” stansiyasidan “Karernaya” stansiyasigacha uzaytirish rejalashtirilgan.

Yana bir yutug‘imiz, bu – kadrlar masalasidir. Chunki, kombinatda “ustoz va shogird” an’anasi yo‘lida yosh mutaxassislarni tarbiyalash, ularga tajribali mutaxassislarni biriktirish, zamonaviy kadrlar zaxirasini yaratish asosiy vazifalardan biridir. Shu maqsadda 2022-2025 yillarda 567 nafar yosh qayta tayyorlov va malaka oshirish amaliyotlarini o‘tadi.
Tabiati injiq, yozi jazirama, qishi izg‘irinli Qizilqum kengliklarida ko‘p ming kishilik jamoa bilan kecha-yu kunduz mehnat qilish oson emas. Ishchi-xodimlarimizni har tomonlama ijtimoiy himoya qilish, ularga munosib yashash va ish sharoitlarini yaratib berish birinchi galdagi vazifamizga aylangan. Kombinat ulkan ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga olgan holda konchilar maskanlari bo‘lgan Zarafshon, Uchquduq, Zarkent, Marjonbuloq kabi shaharu qo‘rg‘onlarda barpo etilgan infratuzilma ob’ektlarida barcha sharoitlar yaratib berilgan. Ular va oila a’zolariga sihatgohlarga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilmoqda.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.