“Temir daftar” ga havasmand toʻkislar...
Sinovli kunlar barchani birdek sinamoqda.
Sinovli kunlar barchani birdek sinamoqda. Yoshdir, keksadir, boymi, qoʻli qisqami – bu tashvishli kunlar ichida bir qalqidi. Dil daftarini obdon varaqlab, taftish xulosasini yozmoqda. Omonat jonni asrash yoʻlida qalb va tan pokizaligini saqlash, iymon bilan yuzma-yuz kelish - barcha yumushlarning eng mukarrami ekani tobora ayon boʻlmoqda.
Oʻzbekistonda hech kim eʼtibordan chetda emas! Buni balandparvoz yoki toʻqib aytilayotgan gap deb oʻylamang. Odamlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ogʻirini yengil qilish, tashvishli kunlarni tezroq yengib oʻtish - tizimli ravishda olib borilayotgan tadbirlar mazmunida oʻz ifodasini topmoqda. Yana bir muhim jihati – barchasi avvalo yurt rahbarining diqqatida. Prezident qay bir chiqishida boʻlmasin yoki yigʻilishda albatta mazkur masala atrofida fikrlashib, pandemiyani yengishda yuksak sabr, oʻzaro totuvlik, hamjihatlik asosida ish yuritish, eʼtiborga muhtojlarni birdek koʻnglini olish, savob ishlarga xayrixoh boʻlish, muhimi adolat bilan ish tutishga chorlab murojaat etmoqda.
Katta oila Oʻzbekistonni bu sinovlardan kam talafot bilan olib chiqish, xalqimizni asrash, salomatlikni muhofaza qilish barcha tadbir va harakatlarning avvali ekani ravshan boʻladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni doirasida ulugʻ ayyom qurbon hayiti bayrami munosabati bilan ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olindi. Ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash anʼanasi davom ettirildi.
Qashqadaryoda ham 20000 ehtiyojmand oilaga “hayitlik” kirib bordi. 1 million soʻmdan naqd pullar tarqatildi. Eʼtibor, koʻmak, muhimi ragʻbat karantin davrida “ziq” boʻlib uyda oʻtirgan qalblarga quvonch olib kirdi. Bu izzat qatida “siz bizga ham ruhan, ham jisman sogʻlom keraksiz, hamisha eʼtibordasiz” degan daʼvat bor. Saxovatpesha tadbirkorlar hisobidan 750 ta oilaga chorva mollari, parranda va quyon tarqatildi. Bayramlik olmagan yoki uyiga “sovgʻa” kirib bormagan xonadon qolmadi. Tibbiyot xodimlariga moddiy ragʻbat berilishi, tadbirkorlar uchun imtiyozlar yaratilgani, ishlayman, mehnat qilaman deganga subsidiyalar ajratilayotgani, kredit taʼtillari joriy etilishi - doʻppini boshdan olib, choyni simirib bir obdon fikr yuritsangiz, “qoʻli ochiq” davlat fuqarolari ekanimiz namoyon boʻladi, boʻlaveradi.
Yurt boʻylab amalga oshirilgan ulkan savobli ishlarning mujdasi Yakkabogʻ tumani “Aygʻirkoʻl” MFY da istiqomat qiluvchi Ravshan Xolmoʻminov oilasiga ham yetib keldi. Uch yildirki ogʻir xastalik bilan kurashayotgan oila egasi, “Yurtboshimizning bu eʼtiborlarini chin dildan his qildim, ogʻriqlarimga darmon deb bildim” deydi u. Ana shunday ragʻbat, halovat tumandagi 1170 ta oilaga kirib bordi, ularning roʻzgʻori tutumida madad boʻldi. Pul toparmoni xasta boʻlsada, Xolmoʻminovlar oilasining uch farzandi taqdiri nazardan chetda emas. Katta farzand Xolidaxonga mahalla raisining tashabbusi bilan homiylar koʻmagida tikuv mashinasi berildi. Onasining yonidan kirib, ozmi koʻpmi u ham oila dasturxoniga ulush qoʻshmoqda, muhimi mehnatga oʻrganyapti.
– Men bir oilani bilaman. Xonadon egasi boʻlgan ota bundan bir necha yil ilgari vafot etgan, ona ikki farzand bilan yolgʻiz qolgan. Boshida biroz qiynalishdi, to roʻzgʻor boshilikni boʻyniga olguniga qadar ayolgina ancha aziyat chekdi. Hozir esa... - deya suhbatni davom ettiradi Kasbi tumani Qoʻriq qishlogʻida yashayotgan mehnat faxriysi Arslon bobo. - Bilasanmi tomorqasida oʻn ikki xil ekin ekadi, chorva mollari boqadi. Aprel oyidan buyon necha bor, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida oziq ovqat tarqatildi. Diydasi toʻq ekan, rahmat shu ishni boshida turganlarga, roziman. Koʻngilga olmasangizlar bir gap aytay bizdanam ahvoli ogʻirlar bor, yotib qolgan, nogironlar bor, ularga berishsin. Mehnat ortida ozmi koʻpmi roʻzgʻorni tebratib turibmiz, -deydi kelinchak. Shukronada hikmat borda – deya otaxon qoʻshib qoʻyadi.
Ori nomusini har nedan ustun qoʻygan, hatto eng tahlikali, sinovli kunlarda, urush yillarida ham sabrni doʻst bilgan, bir birini asrab avaylagan, hammani birodar bilgan va tashvishlarni ogʻa-ini boʻlib yengib oʻtgan aziz insonlarning izdoshlari emasmizmi? Nahot biz buni tobora unutayotgan boʻlsak. Afsuski, unutib qoʻyayozgan ekanmiz, men buni bir mahalla misolida kuzatdim. Yakkabogʻ tumani “Aygʻirkoʻl” mahallasida ishchi guruh tomonidan oʻrganilib, “temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand 19 nafar oila vakiliga 1 mln soʻmdan naqd pul tarqatildi. “Rahmat davlatimizga, ayni muddao boʻldi”, deguvchilar koʻp boʻldi, shukur! Afsus ichida hasadi gʻalayon qilib, “Nega men emas?” deya porillaganlar ham topildi. Ustma-ust qoʻngʻiroq qilganlar, tuman hokimligiga qatnab oyoq kiyimni yedirganlar uchradi.
Koson tumanida ana shunday saxovat tadbirlari chogʻida bir kishining tarozi olib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini birma-bir oʻlchab olgani haqida hamkasbim aytib bergandi. Yoʻq, u oʻylagandek boʻlmapti. “Grami kam boʻlsa ham yuqoriga aytaman”deb qoʻyarmish, mahsulotlar oʻlchovi oshigʻi bilan chiqqach, lom-lim demay baland devor bilan oʻralgan hovlisiga tashib kirib ketibdi. Nega bu kabi toʻkislar roʻyxatlarga kirib qolmoqda desangiz mahalla raisi bir chuqur xoʻrsinadi va aytadiki, ular ovozini baland qoʻyib gapirishni kasb qilganlardan. Shu “temir daftar”dan nomi chiqmasa qolsa, tinimini yoʻqotadi, shu ishga masʼullarning ham tinimini oʻgʻirlaydi. “Benomusdan yo qoch qutul, yo ton qutul” derdilar momom.
“Meni kam taʼminlaganlar roʻyxatiga qoʻshishlari kerak, axir menga ham pul berishsin, men kimdan kamman” deya ehtiyojmandlikka havasmand boʻlgan ayolginaning ovozi qulogʻim ostida eshitilgandek boʻldi.
- Siz kam emas toʻkissiz, opa. Shukur qiling turmush oʻrtogʻingiz, bilagi kuchga toʻlgan farzandlaringiz yoningizda. Ana ostonada mashinangiz turibdi. Ayni sinovli kunlarda qalbni sabr bilan sugʻorib, boriga qanoat qilib, 12 sotixli tomorqadan mablagʻ topishni oʻrganish va oʻrgatish kerakmikin. Yoʻq, yoʻq degani sari yoʻqlikka qarab ketaveradi, hammasi niyatga bogʻliq , - deyman Gulbahor opaga.
- Televizorda eʼlon qilsa, hammaga berarkan debmanda. Mayli bu gal kelishingizga shu tomorqani yashil qilib, ekinga burkab qoʻyaman, bir yili moʻl-koʻl kartoshka olgandik. Keyin hafsala qilmay qoʻydikda, oʻzi. Mana karantinlar yumshasa oʻgʻlim “taksichi”ligini davom ettiradi, toʻgʻri aytasiz, men, turmush oʻrtogʻim pensiya olamiz, yaqinda yana oshdi deyishyapti. Aytganingiz rost, bor deb turaylik-a. Koʻcha adogʻida eri kasalmand hamsoyamiz yashaydi, bolalari yosh ularga berish kerak ekanda, mahsulotni, pulni - deydi opa xijolat tortib.
Ishonch telefoniyu, Xalq qabulxonasini bezovta qilib, mahalla guzarining turumini tinmay buzayotganlarga bobokalonimiz Alisher Navoiyning “Yaxshilik qilish qoʻlingdan kelmasa, yomonlik ham qilma, shu sening yaxshiligingdir” hikmatini eslatgim keladi. Barchasi niyatga bogʻliq. “Men kasalman”, “meni topishimda baraka yoʻq”, “meni kambagʻallar roʻyxatiga qoʻshsin” deganlarga niyati hamroh boʻlishi va aytganlari sekin asta amalga oshishi bor gap. Chunki niyat ketganda. “Niyating, yoʻldoshing” - deydi xalqimiz. Sinovli kunlarda oʻzaro birlashib, yelkadosh boʻlib, yaxshini oshirib, yomonni yashirib yashab kelgan elning farzandlarimiz. Roʻzgʻorini gapini koʻchaga olib chiqqan odam hech kimning koʻziga yaxshi koʻrinmagan, masxara boʻlgani qolgan xolos. Nega bunday demoqdaman, ozgina tashvishni boʻrttirib ijtimoiy tarmoqlaru “Ozodlik” radiosida bong urayotganlarga aytging keladi: muammo haqida aytilgani, ayyuhannos solingani bilan tugunning yechimini shu yerda oʻzimizda ekani ayonku? Rizq bergan, kindik qoni toʻkilgan yurtning shaʼni, nufuzini koʻtarish emas, uning oynasini xira qilish bu chetdan turib kovlayotganlarning choʻmichiga moy boʻlib qoʻyilishini “shoshma-shosharlar” bilarmikin? Mashhur “Suyunchi” filmida aytilganidek, “baloniyam biladi”. Yoʻliga bir chopqillab koʻradi, bu “yugurish” qanchadan qancha kishilar uchun asabbuzarlik, ortiqcha yuk, eng xunugi yurt shaʼni uchun dogʻ ekanini biladi, ammo...
Yakkabogʻ tumani birinchi sektor hududida yashovchi 10 nafardan ortiq fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib nega 1 million soʻm mablagʻ ularga berilmagani haqida murojaat qilishgan. Tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan oʻrganishlar va tushuntirishlar olib borildi. “Yangi hayot” mahallasida yashovchi Gulnora Doniyorovaning oilasida 10 kishi yashaydi. Xonadonning besh nafar aʼzosi mehnat qilsa qilgudek, ammo 15 sotix yer ishchan bilakni kutib yotibdi. Zamonaviy mashina darvozaxonaga koʻrk berib turibdi. Tushuntirishlar olib borildi. Tomorqadan unumli foydalanish uchun tavsiyalar berildi.
Faqat bir tomonni koʻryapsiz, adolat mezoni buzilgach aholi norozi boʻladi, muammo haqida aytdida dersiz. Ha, besh barmoq barobar emas, mahalla raislari orasida paytdan foydalanib qolishni oʻziga ep bilgan, xalq orasiga kirmagan, uning dardu tashvishini oʻzidan yiroq deb biladiganlar ham yoʻq emasda. Guruch kurmaksiz boʻlmas. Xalq hayotidan uzilib qolganlik, mahallada yashovchi aholi haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmaganlik, loqaydlik afsuski, adolat posongisini buzilishiga olib kelmoqda. Yana xalq bisotiga qaytamiz, “Insof sari baraka”. Sirasini aytganda, bu sinovli kunlar bizni sinadi, koʻzgu tutdi. Qalb tahririga yondash qildi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida salomatlikni qadrlash, muruvvat koʻrsatish, shukronalik va sabrning zamirida yuksak ahamiyatga ega kuch borligi haqida oʻqitdi.
Yakunga yaqin qolganda... Yakkabogʻ tumani hokimligi tomonidan berilgan maʼlumotlarga qaraganda tumanda oʻtgan davr mobaynida “temir daftar”ga kiritilgan 4355 ehtiyojmand oilaning 1825 nafar aʼzosining bandligi taʼminlanibdi. Demak ular ishli boʻlgan. Oilasiga daromad olib kirmoqda. Sinovli kunlarni mehnat bilan yengishga oʻrganmoqda. Nima boʻlganda ham, band boʻlsa, ishga shoʻngʻisa“koʻchaga gap tashishga” vaqti boʻlmaydi. Ozmi koʻpmi, shirin shakar topganini roʻzgʻoriga tashiydi.
- Bugungi pandemiya sharoitida hech kimga oson boʻlayotgani yoʻq, buni koʻrib, bilib turibmiz, - deydi Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova. – biz kichik vatan oilamiz taqdiri, farzandlarimiz salomatligi haqida jon kuydirayotgan boʻlsak, qarang Prezidentimiz katta qoʻrgʻon Oʻzbekiston uchun qaygʻurmoqdalar. Ilohim, bu kunlar tezroq ortda qolsin. Ayni kunda amalga oshirilayotgan saxovat amallarining mevasi yillar oʻtib oʻz hosilini beradi. Mana shu xayrli ishlarni koʻrib, anglab turgan farzandlarimizning hayotida, mehnatida. Nasib...
Ha, “qahramon opa” aytgani kabi: ana nurli tonglar oqarib kelyapti, hademay bu kunlar unut boʻladi. Yorugʻ yuz, dili ravshanlikda uchrashishdan buyursin.
Oʻzingizni asrang!
Ziyoda AMINOVA,
jurnalist.