English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ayrim korxonalarda davlat nazorati tadbirlari o‘tkazildi
17:12 / 2026-01-26

Inspeksiyaning viloyat inspektorlari tomonidan “X.B” xususiy korxonasi hamda “SQK” mas’uliyati cheklangan jamiyatida (nomlari o‘zgartirilgan) o‘rganish ishlari amalga oshirildi.

Tekshiruvlar jarayonida mazkur korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash uchun zarur bo‘lgan sinov laboratoriyasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, temir-beton mahsulotlari belgilangan standartlar talablariga muvofiq davriy sinovlardan o‘tkazilmagani aniqlandi. Qayd etilishicha, ushbu holatlar O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni 22-moddasi talablariga zid hisoblanadi.

Bundan tashqari, “X.B” xususiy korxonasida metrologik ta’minot holati o‘rganilganda ishlab chiqarish jarayonida foydalanilayotgan 6 dona o‘lchash vositasi belgilangan tartibda metrologik tekshiruvdan (qiyoslashdan) o‘tkazilmagani aniqlangan. Bu esa amaldagi davlat standartlari hamda “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonun talablarining buzilishi hisoblanadi.

Aniqlangan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan korxonalarning mas’ul mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ularga nisbatan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash choralari ko‘rilmoqda.

Hamroz Bayanov, O‘zA