Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi faoliyati tashkil etiladi
11:25 / 2025-09-02

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomda: 

Agentlik faoliyatini tashkil etish asoslari va tartibi; 

Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari; 

Agentlik faoliyati samaradorligini baholash tartibi va mezonlari; 

Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilab berilgan. 

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligining hududiy maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, Agentlik rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi. 

Agentlik telekommunikatsiyalar sohasini tartibga soladigan, moliyaviy, tuzilmaviy jihatdan va qaror qabul qilishda mustaqil vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi bo‘lib, o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga hisobdordir. 

Agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish hamda vazirlik va idoralar bilan hamkorligini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025 yil 21 avgustdagi PF-142-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etilgan va Vazirlar Mahkamasiga Agentlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilish topshirilgan edi.

O‘zA