French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Telekommunikatsiya sohasiga oid davlat boji kamaysa, media mahsulotlar sifati yaxshilanadi
14:35 / 2023-05-29

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqilgan.

Qonunda muvofiqlikni baholash qoidalari buzilishining oldini olish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish idoralarining mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish natijadorligini oshirish maqsad qilib olinmoqda.  

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiqlikni baholash idoralari tomonidan texnik reglamentlar talablariga muvofiq bo‘lmagan mahsulot ishlab chiqarilishiga, shu bilan birga mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga ham zarar yetkazilishiga sabab bo‘ladigan omillar uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.  

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan mazkur qonun Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasida tegishli tashkilotlar mas’ullari, ekspertlar ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilindi.  

Qonunda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalaridagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ma’muriy jarimalar qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar tarkibi aniqlashtirilmoqda.  

Majlisda “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.  

Ushbu qonun bilan tele- va radiokanallarga, shuningdek, uyali aloqa virtual operatorlariga o‘z faoliyatlarini amalga oshirgani uchun to‘laydigan davlat boji miqdorlari kamaytirilib, ularga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.  

Jumladan, uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) tomonidan radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan yillik davlat boji miqdori ham kamaytirilmoqda.  

Shuningdek, qonun bilan tele- va radiokanallar tomonidan teleradioeshittirishlarni tarqatish, namoyish qilish tarmoqlarini loyihalashtirganlik, qurganlik, ulardan foydalanganlik va ularning xizmatlar ko‘rsatgani uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari ilgarigi miqdorlarga nisbatan mos ravishda 50 foizga kamaytirilmoqda.  

Qonundagi ushbu o‘zgartirishlarga asosan endilikda tele- va radiokanallar tomonidan yuqoridagi faoliyat turlari uchun to‘lanadigan davlat bojini yilning har choragi uchun teng miqdorlarda bo‘lib to‘lashga ham imkoniyat yaratilmoqda.  

Ushbu imkoniyatlar media mahsulotlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.  

N.Abduraimova, O‘zA