O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Telekommunikatsiya bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish hamda raqobat bozorini shakllantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan va xalqaro Internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqiga ega bo‘lmagan telekommunikatsiya operatorlariga 2030 yil 1 yanvargacha sinov tariqasida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish maqsadida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.
2028 yil 1 iyulga qadar Jahon savdo tashkiloti talablari hamda zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishini inobatga olgan holda telekommunikatsiya operatorlarining xalqaro Internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishini takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilib, tasdiq uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi xalqaro Internet tarmoqlariga ulanishni muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul davlat tashkiloti, “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK uning ishchi organi hisoblanadi.
Sinovda ishtirok etishni istagan telekommunikatsiya operatori:
ushbu qarorda keltirilgan Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish bo‘yicha sinovda ishtirok etish uchun vaqtincha talab va shartlarni bajarishi;
Ishchi organ bilan xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish bo‘yicha sinovda ishtirok etish talab va shartlarining bajarilishi hamda monitoring qilinishi, tomonlarning huquq va majburiyatlari, shartnoma shartlarini buzganlik uchun ko‘riladigan choralar bilan bog‘liq masalalarni aks ettiruvchi yozma kelishuvga erishgan (shartnoma imzolagan) bo‘lishi lozim.
O‘zA