French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Telejurnalistlarga bayramona tuhfa
12:26 / 2022-06-26

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarixi, rivojlanish bosqichlari va bugungi kundagi faoliyatiga oid uchta kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, faxriy jurnalistlar, shuningdek, mazkur sohada tadqiqot olib borayotgan professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

“O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi: zamon bilan hamqadam” nomli kitob-albomi O‘zMTRKning tarixi va bugungi kundagi faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, asosan, tarixiy fotosuratlar va aniq fakt va raqamlar yordamida tizimdagi teleradiokanallar va korxonalarning rivojlanish bosqichlari, mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalar aks etgan. 

“Televideniye mening taqdirimda” nomli ilmiy-ommobop to‘plamda o‘zbek teleradiojurnalistikasi tarixi va buguniga oid turkum maqolalar, shuningdek, esse, ocherk va badialar jamlangan.  O‘zMTRK tizimida faoliyat olib borgan ustoz jurnalist va rejissyorlar, tasvirchi va prodyusserlar, shuningdek, texnik xodimlarning go‘zal xotiralari o‘rin olgan. 

Xususan televideniyeda o‘ziga xos rejissyorlik maktabini yarata olgan O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Mahkam Mahammedov, O‘zbekiston televideniyesining afsonasi, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Galena Melnikova, o‘ziga xos diktorlik maktabini yaratgan oliy toifali suxandon Nasiba Ibragimova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, ilk siyosiy sharhlovchilardan biri Tursun Qoratoyev, “Bir o‘lkaki...”, “O‘zanini topar daryolar”, “Mening o‘lkam” kabi ko‘rsatuvlar muallifi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Bobojonov kabi o‘nlab ustoz ijodkorlarning teleradiokompaniya bilan bog‘liq xotiralari bugungi avlod uchun ibrat maktabi vazifasini o‘taydi.  

Shuningdek, jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar va keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan mazkur to‘plamdan yosh ijodkorlar – jurnalist va rejissyorlarning ham fikr-mulohazalari, esse va badialari o‘rin olgan.  

“Radio va televideniye” nomli kitobda teleradio jurnalistikasining tadrijiy taraqqiyot bosqichlari, janr xususiyatlari hamda o‘z davrida mazkur sohaga ulkan hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan jurnalist, rejissyor, diktor-boshlovchilar hayoti va ijodi, shuningdek, bugungi kunda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan davlat va nodavlat teleradiokanallar haqida so‘z boradi. Kitob kirish va 5 asosiy bobdan iborat bo‘lib, birinchi bob bevosita radio tarixi, uning taraqqiyot bosqichlariga bag‘ishlanadi. Unda yurtimizda radioning paydo bo‘lishi, rivojlanish bosqichlari va radiokanallarning bugungi faoliyati batafsil tahlil etilgan. 

Ikkinchi bob “Televideniyening paydo bo‘lishi va evolyutsiyasi” deb nomlanib, Toshkentda televizorning ixtiro qilinishidan tortib, ilk teledasturlar, ilk jurnalist va rejissyor, tasvirchilar faoliyati, shuningdek, telejurnalistik janrlar tasnifi hamda tadriji aks ettirilgan. Bunda tarixiy faktlar va olimlarning ilmiy-nazariy qarashlaridan o‘rinli foydalanilgan. 

Uchinchi bobda televideniyening mustaqillik yillaridagi faoliyati telekanallar misolida ochib berilgan. Shuningdek, yangi O‘zbekiston davri telejurnalistikasida yangicha texnologik o‘zgarishlar, xalqaro aloqalarning samarasiga ham to‘xtalib o‘tilgan. 

Radio va televideniye ijodkorlari avtobiografiyasiga bag‘ishlangan to‘rtinchi bob endigina jurnalistikaga qadam qo‘yayotgan ijodkorlar uchun, ayniqsa, ahamiyatlidir. Kitobning oxirgi bobida radiojurnalistik janrlardan namunalar keltirilgan. Bugun eng faol qo‘llanilayotgan radiojanrlarning amaliy va ilmiy-nazariy ahamiyati ochib berilgan. 

So‘z olganlar mazkur kitoblarning ahamiyati juda yuqori ekanini e’tirof etishdi. Taqdimotda bugungi kunda ko‘pgina oliy o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqot markazlari, nodavlat tele va radiokanallar xodimlari, ilmiy muassasalarining ko‘plab mustaqil izlanuvchilari O‘zMTRK bilan doimiy ilmiy hamkorlik qilish istagini bildirayotgani, keyingi yillarda nafaqat kompaniya xodimlari, balki, turli ilmiy muassasa tadqiqotchi-olimlari tomonidan ko‘plab ilmiy-monografik asarlar nashr etilayotganligi alohida qayd etildi. 

Kelgusida O‘zMTRK faoliyatini ilmiy tadqiq etishga yo‘naltirilgan bunday ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, sohaga doir fundamental tadqiqotlar hajmini oshirish, rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqot natijalaridan olingan xulosalarni amaliyotga keng joriy etish mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniya huzurida “Radio va televideniye” ilmiy-tadqiqot Kengashi faoliyati tashkil etilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tildi.  

Qayd etilishicha, mazkur Kengash radio va televideniye faoliyatini ilmiy tadqiq etishga yo‘naltirilgan tadqiqotlarini yangi bosqichga olib chiqishga ko‘mak berish, olimlarning ushbu sohaga oid ilmiy faoliyat olib borishlari uchun keng shart-sharoitlar yaratish kabi maqsadlarini qamrab oladi.    

D.Mamatova, O‘zA