Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Telegram” Qozog‘istonda o‘z vakolatxonasini ochadi
15:50 / 2024-10-14

Qozog‘istonda noqonuniy kontentlarga qarshi kurashish va tovlamachilar akkauntini bloklashda hokimiyat bilan hamkorlik qilish uchun “Telegram” messenjeri ofisi ochiladi. Bu haqida Qozog‘iston raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Ma’diyev xabar qildi.

“Telegram” bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida AQSH Savdo palatasi va Amerikaning bir qator, jumladan "Apple" va "Meta" kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilindi.  Tegishli xabar Qozog‘iston vazirligi saytida chop etildi.    

“Qonunchiligimizga muvofiq, “Telegram”, “WhatsApp” va “TikTok” kabi internet platformalar endilikda Qozog‘istonda o‘z vakiliga ega bo‘lishi shart. “Telegram” bilan ularning vakilini tayinlash va idorasini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan bo‘lib, bu kontent ustidan nazoratni amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi”, — deya Ma’diyevning so‘zlaridan iqtibos keltiradi vazirlik matbuot xizmati.    

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi chorakda “Meta” sun’iy intellekt texnologiyasi yordamida butun dunyo bo‘ylab 1,2 milliard feyk akkauntlar bloklangan.      

7 oktyabr kuni “Telegram” messenjeri yangilangan talqinini taqdim etdi, undan bir nechta yangi funksiyalar o‘rin olgan.  Xususan, biznes versiyasi mijozlari foydalanuvchilarning telefon raqamlarini tekshirishlari mumkin bo‘ladi. Kontent yuzasidan shikoyat qilish mexanizmlari takomillashtirildi. Bundan tashqari “Firibgarlik va spam” bo‘limida endi “fishing” ham mavjud.    

Qozog‘istonda ofis ochilishi O‘zbekistondagi “Telegram” foydalanuvchilarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Mahalliy foydalanuvchilar Qozog‘istondagi ofis orqali messenjerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.      

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA