Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Telefonga qaramlik – XXI asrning yangi epidemiyasi
17:30 / 2024-01-06

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 5-16 yoshdagi bolalar kuniga 3 soatdan 8 soatgacha vaqtini telefon qarshisida o‘tkazadi. Buning natijasida ularda telefonga qaramlik, undan ayrilib qolishdan qo‘rquv hissi paydo bo‘ladi. Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, XXI asr epidemiyasi deya ta’riflanuvchi bu kasallik “nomofobiya” deyiladi. Mutaxassis SSV matbuot xizmatiga bu haqda batafsil ma’lumot berdi.

– Nomofobiya bolalar orasida eng ko‘p tarqalgan psixologik kasalliklardan biriga aylanishga ulgurdi, – deydi O.Ikromov. – Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, gadjetlarga bo‘lgan tobelik darajasi, ayniqsa, u kichik yoshdan shakllanib kelgan bo‘lsa, hatto, narkoqaramlikdan ham kuchliroq bo‘lishi mumkin ekan. Telefondan uzoq vaqt davomida betartib foydalanish insonning ham jismoniy, ham ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Birinchidan, telefonlar inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan elektromagnit to‘lqinlar chiqaradi. To‘lqinlardan nurlanishning zarari kichik yoshdagi bolalar uchun yanada kuchliroq bo‘lib, bu ularda keyinchalik immunitetning pasayishi, asab tizimida muammolar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. 

Gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanishdan aziyat chekadigan asosiy organlardan biri – bu ko‘zlar. Bolalar bir daqiqada o‘rtacha 18-20 marta mijja qoqadi. Bu ko‘zlarni namlantirib, ular zo‘riqishining oldini oladi. 

Aksariyat hollarda bolalar telefon ekraniga yaqin masofadan tikilib o‘yin o‘ynaydi, video ko‘radi. Bunda ular mijja qoqishni unutadi va natijada ko‘z zo‘riqishni boshlaydi. Bu esa ko‘z olmasining o‘sib ketishi, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik (miopiya), g‘ilaylik, ko‘zning surunkali yoshlanishi yoki qizarishi, ko‘z qurib qolish sindromi kabi muammolarga olib kelishi mumkin. 

Ota-onalar va bolalar buni darrov payqashmaydi. Ko‘pincha gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanish oqibatida kelib chiqqan ko‘z kasalliklari bolalar maktabga chiqishi, ayrim hollarda esa hatto o‘smirlik davrida, masalan harbiy xizmatga jo‘nashdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonida aniqlanadi. 

Ayrim bolalar va o‘smirlar uyqudan oldin, ba’zida esa uxlamasdan qorong‘i xonada telefonga termilib chiqadi. Bu – mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat! Bunday bedor tunlar surunkali tus olsa, keyinchalik uyqusizlik, diqqatni bir joyga jamlay olmaslik va hatto ko‘rlikka olib kelishi mumkin. 

Gadjetlar qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazish bolada umurtqa pog‘onasi, bo‘yin bilan bog‘liq turli xastaliklar rivojlanishi xavfini ham tug‘diradi. 

Tanish olish kerak, ko‘pchiligimiz telefondan yonboshlab yotib foydalanamiz yoki o‘tirganda ekranga gavdani va bo‘yinni egib qaraymiz. Bu suyak tizimi rivojlanish bosqichida bo‘lgan bolalarda umurtqa pog‘onasining deformatsiyasi, skolioz, bo‘yin mushaklarining zo‘riqishi, spazmlar paydo bo‘lishi mumkin. 

Shuning uchun telefon yoki planshet ishlatganda uni kamida 40-50 sm. masofada va ko‘z balandligida ushlash kerak. 

Telefondan uzoq vaqt davomida foydalanish bolaning ruhiy holati va ijtimoiy moslashishida ham muammolarga olib keladi. 

Ta’kidlash joiz, bolalarning ijtimoiylashuvi tug‘ilgandan boshlab to o‘smirlik paytigacha davom etadi. Bunda, ayniqsa, maktabgacha va maktab davri muhim rol o‘ynaydi. Sababi, ushbu davrda bola boshqalar bilan muloqot qilishni, jamiyatda o‘zini qanday tutishni, odob-axloq normalarini o‘rganadi, aqliy rivojlanadi, unda ijtimoiy ko‘nikmalar shakllanadi. 

Gadjetlar esa atrof-muhitni endi idrok etayotgan bolaning to‘laqonli ijtimoiylashuviga to‘sqinlik qiladi. Telefon “ichiga kirib ketib”, tashqi dunyodan uzilib qolish tufayli unda keyinchalik boshqalar bilan kommunikatsiya qilishda jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin. 

Maktabgacha ijtimoiylashuv, eng avvalo, oilada boshlanadi. Shuning uchun ushbu davrda ota-onalar farzandlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishi, birga turli to‘garaklarga borishi, jamoaviy o‘yinlarda qatnashishi, ularda sportga qiziqish, kitob o‘qishga muhabbat hissini uyg‘otishi muhim. Eng asosiysi, ota-onalar o‘zlari gadjetlardan imkon qadar kamroq foydalanib, farzandlariga namuna bo‘lishi kerak. 

To‘g‘ri, bolalarni telefondan mutlaqo ayirib qo‘yish ham noto‘g‘ri. Chunki ularning zarari bilan bir qatorda foydali tomonlari ham ko‘p, albatta. Zamonaviy gadjetlar taqdim eta oladigan imkoniyatlar bolalarga yangi bilim olishga yordam beradi, ularga o‘qish jarayonida as qotadi. 

Muhimi, ularning salomatligiga putur yetishi va yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish uchun bolalar telefonlardan qancha vaqt va nima maqsadda foydalanayotganini nazorat qilish zarur, – deydi shifokor Otabek Ikromov. 

M.Qosimova, O‘zA