Telefon qurilmalarini roʻyxatdan oʻtkazishda fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari oshkor qilinadimi?
Telekommunikatsiyalar yoʻnalishida operator va provayderlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida respublika boʻyicha 786 ming portli keng polosali texnologiyalarga asoslangan uskunalar oʻrnatilib, ularning jami sigʻimi 1,87 million portga yetkazildi, shundan 125 ming port (16 foiz) 330 qishloq hududiga toʻgʻri keldi.
Telekommunikatsiyalar yoʻnalishida operator va provayderlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida respublika boʻyicha 786 ming portli keng polosali texnologiyalarga asoslangan uskunalar oʻrnatilib, ularning jami sigʻimi 1,87 million portga yetkazildi, shundan 125 ming port (16 foiz) 330 qishloq hududiga toʻgʻri keldi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
Prezidentimizning 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida vazirlik oldiga bir qator asosiy vazifalar belgilab berilgan.
Mamlakatimizda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 9000 kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 35,6 ming kilometrga yetkazildi va buning natijasida 3117 maktab, 1646 maktabgacha taʼlim muassasasi, 962 tibbiyot muassasasi optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olindi, shuningdek, 201 davlat xizmatlari markazining obyektlari, 544 sud maʼlumotlar uzatish tarmogʻiga ulandi.
Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida mobil aloqa operatorlari tomonidan 1605 baza stansiyasi oʻrnatilib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi, shundan 132 tasi “Obod qishloq” dasturi doirasidagi hududlarga toʻgʻri keladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar, telekommunikatsiya tarmoqlari operator va provayderlari tomonidan 650 dan ortiq Wi-Fi tarmogʻi orqali internetga ulanish nuqtalari oʻrnatilib, ishga tushirildi.
Shu bilan birga axborot texnologiyalarini rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha respublikamizda Uz domenida roʻyxatdan oʻtgan faol domenlar soni 71 mingdan oshdi.
– Mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishni rivojlantirish yoʻnalishida ham bir qator ishlar amalga oshirildi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Qahramon Yoʻldoshev. – Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-yanvardagi qarori bilan Hindistonning dasturiy texnologiyalar texnoparki bilan hamkorlikda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etildi. Joriy yil 24-iyuldan boshlab Texnopark faoliyati yoʻlga qoʻyilib, hozirda bu yerda 300 dan ortiq rezident-korxona mutaxassisi faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda pochta aloqasini rivojlantirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilib, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ tomonidan pochta aloqasini yanada rivojlantirish maqsadida 10 yangi qoʻshimcha xizmat turi joriy etildi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga xorijiy mamlakatlardan 16 professor-oʻqituvchi jalb qilindi. Bugungi kunda universitetda 28 doktorlik ishi himoyasi oʻtkazildi. Ushbu universitet tuzilmasida Oʻzbek – Belarus qoʻshma fakulteti tashkil etilib, 2019/2020 oʻquv yilida 505 talaba qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-yanvardagi qarori bilan Toshkent shahrida Amiti universiteti tashkil etilib, joriy yil 24-sentyabrdan boshlab universitet rasman oʻz faoliyatini boshladi. Hozirda universitetda 502 talaba tahsil olmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchisi aholi, yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan. Ularni axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida respublika boʻyicha 18 IT-tadbirkorlik va raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etildi.
“Xavfsiz shahar” tizimini joriy etish yoʻnalishida Yoʻl harakati qoidalarini buzishni avtomatlashtirilgan holda foto-video qayd etishni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihasi doirasida Germaniyaning “ATLAS International” kompaniyasi va Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida loyihaning I bosqichida Toshkent viloyatiga qurilma va uskunalarni yetkazib berish yuzasidan 11,3 million yevro miqdorida shartnoma imzolandi.
Joriy yilning 1-aprelidan boshlab, yurtimizda mobil qurilmalar IMEI kodlarini avtomatik ravishda roʻyxatdan oʻtkazish ishlari boshlangan. Bugunga qadar 29 million telefon qurilmalari roʻyxatdan oʻtkazildi. Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, telefon qurilmalarini roʻyxatdan oshirish fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini oshkor qilish imkonini bermaydi.