Andijon viloyatidagi yirik tekstil korxonalaridan biri elektr energiyasi uchun to‘lanmagan qarzini to‘liq qopladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati oldidagi 1,8 milliard so‘mlik qarz hamda 39 million so‘m miqdoridagi davlat boji to‘liq undirilgan.
Mazkur choralar Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2025 yil 19 avgustdagi ijro hujjatiga asosan Majburiy ijro byurosi Andijon shahar bo‘limi xodimlari tomonidan amalga oshirildi.
Hozirgi kunda viloyatda ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik holatlari kuzatilmoqda. Bu esa ta’minotchi korxonalarning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va ayrim hollarda sud orqali majburiy undirish choralarini qo‘llashga sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, iste’molchilarning hisob-kitob intizomiga qat’iy rioya etishi elektr ta’minoti tizimi barqarorligi va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA