Prezidentimizning qishloq xo‘jaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda ularni ortiqcha yo‘qotishlarning oldini olish borasida bergan topshiriqlari asosida Buxoroda ham katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Eng so‘ngi texnologiyalar bilan jihozlanib, to‘la quvvatda ishlay boshlagan Olot tumanidagi Amu Buxoro mashina kanali “Amu-Buxoro-1” nasos stansiyasidagi jarayonlar bunga misol bo‘ladi.
– “Qirlishon” massivi cho‘l hududida joylashgan yerlarda faoliyat yuritamiz, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Ko‘makov. – Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi rivojiga bo‘lgan e’tibor va imkoniyatlar tufayli paxtachilikda, g‘allachilikda mo‘l hosil olishga erishilmoqda. Cho‘l hududida suvni tejab ishlatish dolzarb vazifa sanaladi. Vaqtida katta-katta xarajatlar bilan suv chiqarib hosil yetishtirar edik. Hozir Xitoy texnologiyasi asosida suvni tejamkorlik bilan ishlatishga erishdik.
– Olot tumanidagi Amu Buxoro mashina kanali “Amu-Buxoro-1” nasos stansiyasi orqali Buxoro va Navoiy viloyatlarini suv bilan ta’minlaydi, –deydi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Olot tuman kengashi raisi Omonjon Atoqov. – 1965 yilda qurilgan nasos stansiyasi hozirgi vaqtda eskirganligi sabab davlat rahbarining tashabbusi bilan yangidan qurib ishga tushirildi. Zamonaviy nasos stansiya oldingi vaqtda 7 kub suv chiqargan bo‘lsa, hozirda 11-12 kub suv chiqarilmoqda. Bu bilan elektr energiya sarfining kamayishiga ham erishildi.
[gallery-27343]
O‘tgan yili Buxoroni asosiy suv bilan ta’minlovchi “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlarini qayta tiklash ishlari doirasida “Osiyo tiklanish va taraqqiyot banki” loyihasi asosida ikkita nasos stansiyalarini realizatsiya va modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirildi. Shundan Amu Buxoro – 1 nasos stansiyasida 82 million 960 ming AQSH dollariga teng qurilish ishlari to‘liq yakunlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu inshoot o‘tgan yili 75 million kilovatt soat energiyani iqtisod qildi. Bu o‘rtacha hisobda 80 milliard so‘mga yaqin mablag‘ tejaldi degani. Bundan anglash mumkinki, mazkur loyiha 10-12 yilda o‘zini to‘liq qoplaydi va Buxoro hamda Navoiy viloyatlariga bir me’yorda suv yetkazib berishga xizmat qiladi.
Yangi nasos stansiyasida 8 dona, har birining quvvati 11,25 metr sekund bo‘lgan yuqori unumli nasos agregatlari o‘rnatildi. Bu sa’y-harakat natijasida nasos stansiyasining umumiy suv chiqarish qobiliyati 90 metr sekundga yetkazildi hamda stansiya energiya tejamkor asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Oldingi Hamza va Jayxun nasos stansiyalari o‘rniga 1 ta zamonaviy inshoot qurilgani ham viloyat irrigatorlari uchun katta qulaylik yaratmoqda.
– Loyiha doirasida qurilish ishlarini 2022 yilning sentyabr oyida boshlagan edik, – deydi xitoylik qurilish ishlari bo‘yicha direktori Vang Ding Gou. – O‘tgan 2025 yilning boshida bu joydagi qurilish ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi. Loyiha O‘zbekistonda yangidan qurilgan eng yirik nasos stansiyalaridan biri sanaladi. Inshootni barpo etishda qo‘yilgan talab asosida energiyani tejash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Barcha jarayonlar raqamlashtirilgan bo‘lib, tizimda nosozliklar kelib chiqishining oldi olingan. Axborotlar markazga umumlashtirilib, oldindan diagnostika qilinishi lozim bo‘lgan jihatlarni ham bashoratlaydi. Bu bilan tizimni doimiy barqaror ishlashini ta’minlash mumkin.
O‘tgan yili “Amu-Buxoro” mashina kanali Olot tumani boshqarmasi tasarrufidagi 2-nasos stansiyasi to‘liq ta’mirlanishi ish samaradorligini oshirishdan tashqari, katta miqdordagi elektrni tejash imkonini ham bermoqda.
Sohada yetakchi Xitoy kompaniyasi vakilining aytishicha, inshootning foydalanish muddati 25-30 yil, deya baholanmoqda. Buxoro viloyati ekin yerlariga oqar suv deyarli yuz foiz miqdorda Amudaryo orqali elektr energiyasi hisobiga ishlaydigan nasos stansiyalari yordamida yetkazib beriladi. Elektr energiyasini tejash esa iqtisodiy samaradorlik omili sanaladi. Bu o‘z navbatida, kelgusida agrar tarmoq rivoji va xalq farovonligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.