Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi 25-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Diyorbek Qo‘qonboyev fizika faniga bo‘lgan qiziqishi natijasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalariga mos keluvchi “aqlli issiqxona” qurilmasini ishlab chiqdi.
Mazkur loyiha yoshlarning ilmiy-ijodiy izlanishlari natijasida agrar sohada samaradorlikni oshirish mumkinligini amalda isbotlamoqda. Hozirgi kunda jahonning ko‘pgina mamlakatlarida, xususan, Niderlandiya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda “aqlli issiqxona” texnologiyalari keng qo‘llanilmoqda.

Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, tomchilatib sug‘orish, avtomatlashtirilgan harorat va namlik nazorati, shuningdek, seleksiya asosidagi yuqori hosildor navlardan foydalanish orqali hosildorlik ikki-uch barobarga oshiriladi. Diyorbekning qurilmasi ham ayni shu prinsiplarga tayangan bo‘lib, unda tomchilab sug‘orish va o‘g‘it integratsiyasi asosida masofadan boshqarish tizimi joriy etilgan.
Amaliy sinovlarda ushbu moslama kichik hajmda bo‘lsa-da, 15 kilogrammgacha hosil yetishtirish imkonini bergani e’tiborga loyiq. Yosh muhandis o‘z qurilmasida “Kross F1” navli pomidor urug‘ini ekib, yiliga ikki marotaba hosil olishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda u tumandagi tomat ishlab chiqaruvchi zavod bilan shartnoma asosida bir sotix maydonga pomidor ekib, 1,5 tonna hosil olish imkoniyatini sinab ko‘rmoqchi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston sharoitida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va resurslarni tejashga xizmat qilib, mahalliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy jihatdan tejamkor hamda kelajakda keng joriy etilishi mumkin bo‘lgan texnologiya sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Diyorbek Qo‘qonboyev joriy yilning o‘zida innovatsion “aqlli issiqxona”ni patentlashtirishni rejalashtirgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rgz3NrzPfEw" title="Tejamkor “aqlli issiqxona” ixtirochisi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Oqilxon Dadaboyev, Mardonbek Esonboyev (video), O‘zA.