Eron poytaxtida Qozog‘iston raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz TIV rahbari o‘rinbosari Bobur Usmonov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham qatnashgan tadbirda 2025 yil Ozarbayjonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan IHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi. Tuzilma faoliyatini yanada takomillashtirish, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik istiqboli yuzasidan fikr almashildi.
“IHT nigohi-2025” va davlatimiz rahbarining “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari-2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbusini amalga oshirish jarayoniga alohida e’tibor qaratildi.
Tehronga tashrifi davomida B.Usmonov eronlik hamkasbi Sayid Rasul Muhojir bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar, xususan savdo-iqtisodiy aloqalarning joriy holati va rivojlanish istiqboli ko‘rib chiqildi. O‘zaro manfaatli sa’y-harakatlar ko‘lamini kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishga yordam beradigan ikki mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash miqdorini oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga qaratilgan hududlararo transport-logistika loyihalarini amalga oshirish masalalari ham ko‘tarildi.
Tomonlar turli sohalardagi sheriklikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirib, turli masalalar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
M.Sayfullayev,
O‘zA