Eron hukumati mamlakatda davom etayotgan hukumatga qarshi namoyishlar munosabati bilan Fransiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniya elchilarini chaqirib, Yevropa davlatlarini namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qildi. Evronews tarqatgan xabarga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi diplomatlarga tartibsizliklar oqibatida yetkazilgan zarar aks etgan videolarni taqdim etgan.
Norvegiyada joylashgan Iran Human Rights tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, namoyishlarni bostirish jarayonida kamida 648 nafar odam halok bo‘lgan. Tashkilot qurbonlar soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini, internet cheklovlari sababli mustaqil tekshiruv qiyinlashayotganini bildirgan.
G‘arb davlatlari Eron hokimiyatining bu harakatlarini qoraladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Fridrix Mers namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlikni qabul qilib bo‘lmas holat, deb baholadi. Yevropa Ittifoqi Eronga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Namoyishlar 28 dekabr kuni Tehronda bozorlar yopilishi va milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi ortidan boshlangan. Keyinchalik ular mamlakatning boshqa hududlariga ham tarqaldi. Namoyishchilar endi siyosiy talablar qo‘ymoqda.
Bunga javoban, hukumat tizimni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ommaviy mitinglar o‘tkazdi. Oliy rahbar Oyatullo Ali Humonaiy bu mitinglarni tashqi kuchlarga berilgan “ogohlantirish” deb atadi. Parlament spikeri Muhammad Bagir G‘olibof esa hukumat harakatlarini “terroristlarga qarshi kurash” sifatida baholadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Agmzuu671gQ" title="Tehron Yevropa elchilariga talab qo‘ydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA