Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSH prezidenti Donald Trampning urush tez orada tugashi haqidagi bayonotiga keskin munosabat bildirdi. Tehronga ko‘ra, urushning qachon va qanday shartlarda yakunlanishini Eronning o‘zi belgilaydi. Bu haqda DW nashri xabar qildi.
Tasnim agentligi tarqatgan bayonotda shunday deyiladi: «Urush qachon tugashini aynan biz hal qilamiz. Jang maydonidagi sharoitlar va urushning yakunlanishi Islom respublikasining qo‘lida».
Bundan avval Tramp Eronga qarshi urush kutilgandan ancha tez tugashi mumkinligini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, Eron harbiy jihatdan jiddiy zarar ko‘rgan.
Tramp jurnalistlar bilan uchrashganda, urush deyarli nihoyasiga yetganini aytdi. U Eronning barcha harbiy tizimlari izdan chiqqanini ma’lum qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, harbiy operatsiya rejadan ancha tez sur’atda olib borilmoqda.
Avvalroq Tramp urush taxminan to‘rt-besh hafta davom etishi mumkinligini aytgan edi. Keyinchalik Oq uy matbuot kotibi Karolayn Livitt bu muddat to‘rt-olti hafta bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chi mamlakat raketali hujumlarni qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom ettirishini aytdi. 9-mart kuni bergan intervyusida u Eronga qarshi hujumlar davom etayotganini, biroq mamlakat bunga tayyor ekanini ta’kidladi.
«Biz ularga qarshi raketalarimiz bilan qancha kerak bo‘lsa, shuncha hujum qilishga to‘liq tayyormiz», - dedi Arog‘chi.
Shu bilan birga, u Eronning AQSH bilan yangi muzokaralar o‘tkazish ehtimolini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron so‘nggi vaqtlarda amerikaliklar bilan muzokaralardan «juda achchiq tajriba» olgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xV8yLVTO7ss" title="Tehron: Urushni qachon tugashini AQSH emas, Eron hal qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA