Eron prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon o‘lka gubernatorlari bilan uchrashuvida poytaxt Tehrondagi suv inqirozi bilan bog‘liq o‘z xavotirini bildirdi.
– Bugun Tehron suv resurslarining jiddiy qisqarishi bilan yuzma-yuz kelmoqda va bizning zaxiralarimiz xavotirli vaziyatda, -dedi u. – Bu inqirozni yengish jamoatchilikning muvofiqlashuvisiz mumkin emas. Batafsil baholashlar shuni ko‘rsatadiki, suv resurslari shu paytgacha noto‘g‘ri boshqarilgan.

Hozirgi vaziyatda tabiatni yoki mulozimlarni ayblab bo‘lmasligini ta’kidlagan Pezeshkiyon o‘tmishdagi noto‘g‘ri qarorlar bunday holatga olib kelganini aytdi.

– Bugungi kunda biz islohotlar yo‘lidan mas’uliyat bilan, sinchkovlik bilan borishimiz kerak, -dedi Eron yetakchisi. – Bizga uzoqni ko‘ra oladigan boshqaruv kerak. Mamlakatni suv inqirozidan qutqarish uchun hukumat ham, xalq ham maksimal darajada e’tibor qaratishi, faol ishtirok etishi kerak.
Ayni paytda Eronda davom etayotgan qurg‘oqchilik tufayli to‘g‘onlardagi suv sathi keskin pasaygan. Tehron viloyati suv resurslari boshqarmasi e’lon qilgan bayonotda poytaxtni suv bilan ta’minlovchi to‘g‘onlardagi suv zaxiralari so‘nggi asrdagi eng past darajaga yetgani ma’lum qilingan.
M.Pirmatova, O‘zA