Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Fransiyaning “Technip Energies” xalqaro kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Unda O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini rivojlantirish, tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud resurs salohiyati va istiqbolli yo‘nalishlar xususida fikr almashdi. Xususan, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or muhandislik yechimlarini joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish hamda yangi konlarni o‘zlashtirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “Technip Energies” kompaniyasining xalqaro tajribasi va texnik imkoniyatlaridan foydalangan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish va kelgusida amaliy loyihalarni ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish, doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda istiqbolli loyihalar doirasida qo‘shma ishlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA