Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksini qurish loyihasi bilan tanishdi
22:52 / 2019-08-20

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 12-yanvardagi qarorida ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari belgilangan.


Davlatimiz rahbarining 2018-yil 12-yanvardagi qarorida ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari belgilangan.

Majmuada yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna ugolok, shveller, 22 ming tonna vannadiy shlagi va boshqa metall materiallar ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 35 foizini eksport qilish rejalashtirilgan. Kondagi mavjud rezervlar 1,1 milliard tonnani tashkil etadi.

Loyihani tayyorlash va amalga oshirishga Germaniyaning ““DMT-Group Consulting” va Avstriyaning “Horst Wiesinger Consulting” korxonalari jalb etilgan.

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, loyiha toʻliq ishga tushganidan keyin yiliga 33 million tonna ruda qazib olinib, undan 1,5 million tonna temir moddasi olish koʻzda tutilgan.

Bu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirish maqsadida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida maxsus direksiya tashkil etildi. U “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyihani amalga oshirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi komissiya tuzilgan. Uning zimmasiga loyihani amalga oshirish, qurilish va qurilish-montaj ishlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan mansabdor vazirliklar bilan muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring oʻtkazish yuklatilgan.

Prezidentimizga mazkur loyihaning ahamiyati va istiqboli haqida batafsil maʼlumot berildi. Soha mutasaddilari va xorijiy mutaxassislarning fikricha mazkur loyiha toʻliq oʻzini oqlaydi. Uning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyoti rivojida, jumladan, qora metall ishlab chiqarish va qayta ishlash koʻlamini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy kompaniyalar mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Majmua qurilishiga ilmiy jihatdan puxta yondashish, metalldan mahsulot ishlab chiqarish sohasida oʻziga xos maktab yaratish kerakligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini mukammal ishlab chiqish, uni amalga oshirishga yoshlarni koʻproq jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.