Yaqinda Milanda joylashgan Teatro alla Scala sahnasida yangi opera — «Anna A.» namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu opera — Silvia Colasanti tomonidan yozilgan bo‘lib, librettosi rus adabiyoti vakili Paolo Nori tomonidan tayyorlangan.
Operada Anna Axmatovaning hayoti, xotiralari va ijodiy faoliyati orqali rus adiblari va shoirlari, do‘stlari, zamondoshlari sahnaga gavdalandi.
«Anna A.» — operasi hayot, tragediya va ijodiy xotiralarni aks ettiradi. E’tiborli jihati – operada o‘zbekistonlik yosh ijrochi, «Nihol» davlat mukofoti sohibi Aqilbek Piyazov tomonidan ham rol ijro etildi. U spektaklda bir vaqtning o‘zida ikki shaxs — shoir Nikolay Gumilyov va yozuvchi Mixail Bulgakov obrazlarini jonlantirdi.

Ikkala murakkab obrazni bir sahnada yuksak mahorat bilan namoyon etgan A.Piyazov nafaqat kuchli vokal ovozga, balki chuqur dramatik ijodiy salohiyatga ham ega ekanini yaqqol ko‘rsatdi. U namoyish etgan Gumilyov ruhiyatiga xos jasorat va fojiaviy taqdirning ta’sirli ifodasi hamda Bulgakov obrazining yorqin, erkin, hazilomuz tabiati tomoshabinlarni lol qoldirdi.

Teatro alla Scala zalidagi olqishlar Aqilbek Piyazov ijrosiga bo‘lgan samimiy e’tirofdan dalolat berdi. U o‘z ovozi, yuqori mahorati va murakkab psixologik holatlarni aks ettirish qobiliyati bilan mana shunday bahoga sazovor bo‘ldi.
Bu chiqish san’atkorning nafaqat karerasidagi katta yutuq, balki tarixiy qadamdir. Boisi Aqilbek Piyazov dunyodagi eng mashhur teatrlardan biri bo‘lgan Teatro alla Scala sahnasida debyut qilgan birinchi o‘zbekistonlik san’atkor bo‘ldi. Bu voqea O‘zbekiston san’ati uchun yangi sahifa ochdi va mamlakatimiz opera san’atining xalqaro maydonda yanada yuqori baholanishiga hissa qo‘shadi.
Aqilbek bu imkoniyatdan bag‘oyat mamnun ekanini, yuksak sahnada O‘zbekiston nomidan ishtirok etganidan g‘urur hissini tuyishini, tomoshabinlar hamda ijodiy jamoaning ishonchi unga katta qanot bag‘ishlaganini ta’kidladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA