Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida mazkur teatrning tashkil etilganining 50 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, teatr jamoasi va tomoshabinlarni yubiley bilan tabrikladi hamda mazkur teatrning jamiyat ma’naviy hayotida tutgan o‘rni, ijodkorlarning tomoshabinlar qalbiga ta’sir ko‘rsatishdagi mas’uliyati va sahna san’atining tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Yubiley munosabati bilan bir qator ustoz san’atkorlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.


Yubileyda O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlari, Teatr arboblari uyushmasi vakillari va taniqli ijodkorlar ishtirok etib, Sirdaryo teatrining ko‘p yillik faoliyati haqida iliq fikrlar bildirishdi. Shuningdek, teatr tarixida muhim o‘rin tutgan O‘zbekiston xalq artisti Olim Xo‘jayev nomi yodga olindi va ustoz san’atkorning portreti jamoaga taqdim etildi.
Tadbir davomida mashhur spektakllardan sahna ko‘rinishlari, ariyalar, raqslar ijro etildi. O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev ijrosidagi “Ey sabo” qo‘shig‘i tomoshabinlar tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi.


Yubiley konsertida teatrning simfonik orkestri tomonidan “Arshin mol olon” spektaklidan kuylar ijro etildi. Bu asar 1975 yilda Toshkent teatr va rassomlik instituti bitiruvchilarining Sirdaryo teatridagi ilk diplom spektakli bilan bog‘liq bo‘lgani bois ramziy ma’noga ega.
Shuningdek, maqom ansambli ijrosidagi mumtoz kuy-qo‘shiqlar va teatr qoshidagi Yoshlar teatri havaskorlarining chiqishlari ham tomoshabinlarda yorqin taassurotlar qoldirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri