Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Teatrlar tomoshabinlar bilan gavjum
11:36 / 2024-03-26

Mamlakatimizda e’lon qilingan “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib, ijodiy jamoaning komediya janridagi eng sara asarlaridan biri “Zo‘raki tabib” spektaklini tomosha qildi.

Mazkur haftalik tomoshabinlarni teatrga yanada yaqinlashtirib, ularning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, boy tariximiz, milliy qadriyatlarimizni chuqur o‘rganish va yosh avlodni ma’nan barkamol ulg‘aytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.  

– Teatr ma’naviyat dargohi,–- deydi mayor Farhod Toshboyev.–Lekin bu yerga hamisha ham vaqt topib kelavermaymiz. Haftalik munosabati bilan tashkil etilgan tomosha barchada boy taassurot uyg‘otdi. Aslida jamoa va oila a’zolar bilan teatrga kirishning gashti boshqacha bo‘ladi. Ayniqsa, komediya janridagi ushbu spektakldan bolajonlar juda miriqdi. Bu ularning madaniyat va san’atga qiziqishini oshirib, estetik tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.  

Surxondaryo viloyati qo‘g‘irchoq teatri ham haftalik kunlari ota-onalar va bolajonlar bilan gavjum bo‘lmoqda. Teatr san’atkorlari tomoshabinlarga o‘zlarining eng qiziqarli sahna asarlarini taqdim etayotir.  

– Haftalikning beshinchi kuni “O‘tkir shoxli buqacha” spektaklini namoyish etdik, – deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Olmaxon Berdimuradova. – Sahna asari boshlanishi oldidan bolajonlarni san’atga qiziqtirish va izlanishlarini rag‘batlantirish uchun “Yosh rassomlar” ko‘rik-tanlovini ham o‘tkazdik. G‘oliblarni haftalik yakunlanadigan 27-mart kuni taqdirlaymiz.  

Viloyatda “Teatr tomoshalari haftaligi” davom etmoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri