O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva milliy teatr va kino san’atimizda o‘z ijro uslubi, ijod yo‘liga ega bo‘lgan insonlardan sanaladi. O‘zbek Milliy akademik drama teatrida xalqimizning sevimli san’atkori Ra’no Yarasheva tavalludining 65 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy-ma’rifiy kecha tashkil etildi.
Yubiley kechada madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov ishtirok etib, ustoz san’atkorni tavallud kuni bilan tabrikladi hamda vazirlikning “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini tantanali topshirdi.
1987-yildan buyon O‘zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritib kelayotgan aktrisa Ra’no Yarasheva o‘zining yuksak mas’uliyati, mehnatsevarligi, kamtarligi va ijodiy faolligi bilan jamoasi va teatr san’ati muxlislarining hurmatini qozongan.

Aktrisa teatr va kino sohasida samarali faoliyat yuritib, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan “Yorqinoy” spektaklida Yorqinoy, “Hayot eshik orti”da Tabassum” “Jinoyat ustida ushlansin”da Manzura, “Baxti qaro kelin yoki...”da kelin, “Mehrobdan chayon”da Nozik, “Qalliq o‘yin”da Hamrogul, “Sohibqiron Temur”da vazirning qizi, “Chimildiq”da o‘lanchi yanga, “Boshi qotgan oshiqlar”da Parishonxotir kelin, “Ufq”da qishloq ayoli, “Shayton va farishta”da O‘g‘iloy rolini ijro etgan.
Ustoz san’atkorning shuningdek, “Omonat dunyo”da xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, “Ayolg‘u”da ona, “Qirmizi olma”da sovchi ona, “Bevalar”da Ra’no, “Uvaysiy”da Nodirabegim, “Andishali kelinchak”da To‘ychiniso, “O‘tkan kunlar”da Oftob oyim, “Zamindan olis ketma”da Go‘zal, “O‘jarlar”da Aqsingul, “Jaloliddin Manguberdi”da Turkon Xotun kabi takrorlanmas obrazlarni yaratgan.

Shuningdek, aktrisa Ra’no Yarashevaning “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”, “Revizor”, “Jahonotin Uvaysiy”, “Adabiyot muallimi”, “Layli va Majnun”, “Ko‘ngil ko‘chalari”, “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi”, “Baloi nafs”, “Shunchaki hazil”, “Qarzi xasana”, “Zurriyot”, “Sevinch”, “Telba”, “Notanish”, “Feride”, “Muhabbatnoma” kabi kinofilmlardagi obrazlari bilan tomomashabinlarning muhabbatini qozongan.

Ijodiy-ma’rifiy kechada mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida milliy teatr san’ati ravnaqiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ustoz san’atkorlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning ijod yo‘lini keng targ‘ib etish, har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu tashabbuslar haqida batafsil so‘z yuritildi.
Ustoz ijodkor Ra’no Yarashevaning faolligi, fidoyiligi, sahnaga sadoqati yoshlar uchun ibrat maktabi ekani alohida e’tirof etildi.
Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, go‘zal musiqa namunalari kechaga yanada fayz bag‘ishladi.
N.Usmonova,
O‘zA